19:41 / 24.08.2020
26091
Saidja'far Usmonzoda yana Tojikiston prezidentligiga nomzodini qo‘ydi

Tojikistonda kuzda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik sayloviga yana bir nomzod ko‘rsatildi. Tojikiston Demokratik partiyasi rahbari prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatildi.

Foto: Asia-Plus

Tojikiston demokratik partiyasining 23 avgust kuni bo‘lib o‘tgan favqulodda qurultoyida partiya rahbari Saidja'far Usmonzodani mamlakat prezidenti lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatish qarori qabul qilindi.

Saidja'far Usmonzoda prezident saylovlarida ikkinchi marta nomzod sifatida ko‘rsatilmoqda. U 2013 yilda bo‘lib o‘tgan saylovlarda ham prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘ygan edi. O‘shanda unga saylovchilarning atigi 1,02 foizi ovoz bergan.

2015 va 2020 yillardagi parlament saylovlarida Usmonzoda Oliy Majlis deputati etib saylangan.

Bugungacha Tojikistonning 7 ta siyosiy partiyasidan 3 tasi prezidentlikka o‘z nomzodini ilgari surdi. Bular Agrar partiya rahbari Rustam Latifzoda, Sotsialistik partiya rahbari Abduhalim G‘afforov va Demokratik partiya rahbari Saidja'far Usmonzoda. Rustam Latifzoda birinchi marta o‘z nomzodini qo‘yayotgan bo‘lsa, Abduhalim G‘afforov uchinchi marta prezidentlik uchun o‘z nomzodini qo‘ymoqda.

Tojikistondagi yana ikkita partiya – Kommunistik partiya va Tojikiston Xalq demokratik partiyasi o‘z nomzodlarini sentabr oyi boshida ko‘rsatishi kutilmoqda. Tojikistonning yagona muxolif partiyasi bo‘lgan Sotsial-demokratik partiyasi esa prezidentlikka nomzod ko‘rsatiladigan qurultoy o‘tkazadigan kunni e'lon qilmadi.

Tojikistonda prezidentlik saylovlari 11 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Saylovlarda amaldagi prezident Imomali Rahmonning imkoniyati yuqori deb qaralmoqda. Shuningdek, uning o‘g‘li va ayni damda Dushanbe hokimi Rustam Imomali ham prezidentlikka o‘z nomzodini ko‘rsatishi mumkinligi aytilmoqda.

Top