23:27 / 24.08.2020
13435
Turdimov: «Maktablar sentabr oyining ikkinchi yarmidan ochilishi mumkin»

Samarqand viloyatida epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda nutq so‘zlagan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov fuqarolarga murojaat qildi.

Foto: Samarqand viloyat hokimligi

U o‘z murojaatida bu yil xalqimizning eng aziz bayrami bo‘lgan mustaqillik bayrami koronavirus pandemiyasi tarqalishi xavfi tufayli saylgohlarda, maydonlarda emas, xonadonlarda nishonlanishini bildirdi.

«Bu yil vaziyatni hamma ko‘rib turibdi. Shu uchun xalqimizni eng aziz bayramini saylgohlarda, maydonlarda emas, xonadonlarda, oila a'zolaringiz bilan nishonlashga chaqiramiz. Vatanimizning eng ulug‘ bayramini munosib mehnat yutuqlarini qo‘lga kiritish bilan nishonlaylik», dedi u.

Shuningdek, viloyat hokimi bu yil OTMga kirish imtihonlari uchun Samarqand shahridagi to‘rtta o‘yingoh tayyorlab qo‘yilgani, ularda sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda imtihonlar o‘tkazilishi haqida ma'lumot berdi.

Turdimovning so‘zlariga ko‘ra, Samarqand shahridagi imtihonlar temiryo‘l hududidagi «Lokomotiv», Sartepa mavzesidagi 2-son bolalar va o‘smirlar sport maktabidagi stadion, Kimyogarlar shaharchasidagi «Nurafshon» stadioni va eshkak eshish turlari bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zahiralari maktabidagi maxsus joyda bo‘lib o‘tadi. Ularda 131 349 nafar abituriyent imtihon topshiradi.

Viloyat hokimi test topshiradigan abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlariga murojaat qilib, test o‘tkaziladigan kuni farzandini kuzatib, test o‘tadigan hududga imkon qadar kelmaslikni so‘radi.

Viloyat hokimining so‘zlariga ko‘ra, uzoq hududdan kelib ertalab imtihon topshiruvchi abituriyentlar kechikmasligi uchun bir kun oldin kelib OTM yotoqxonalariga joylashishi va bir kecha o‘sha yerda qolib, ertasi kuni imtihonga kechikmasdan borishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, imtihonni kechki paytda topshiradigan abituriyentlar ham imtihondan so‘ng yotoqxonada bir kecha qolib, ertasi kuni ertalab uylariga qaytsa bo‘ladi.

Erkinjon Turdimov ta'lim muassasalari rahbariga murojaat qilib, sentabr oyining ikkinchi yarmida maktablarda ta'lim jarayonini boshlash ishlari o‘rganilayotgani haqida gapirdi va mabodo ta'lim jarayonlari boshlanadigan bo‘lsa, viloyatdagi barcha maktablarda sanitariya qoidalariga mos jihozlarni tayyorlab qo‘yish lozimligini aytdi.

«Bu ishlar o‘qituvchilarni jalb qilmay sektor rahbarlari, tuman hokimlari, moliya mudirlari va xalq ta'limi bo‘limlari qoshida tashkil etilgan ekspluatatsiya xizmati bo‘limining xodimlari bilan birgalikda, shuningdek, maktabdagi xo‘jalik mudirlari bilan birgalikda amalga oshirilishi kerak. Barchasi viloyat hokimligi nazoratida turadi. Agarda biror bir joyda o‘qituvchilarga tayziq o‘tkazib, ularga bu ishlar yuklatiladigan bo‘lsa, bunday rahbar-xodimlarga nisbatan, xoh u hokim, xoh sektor rahbari bo‘lsin, qonunda belgilangan tartibda qat'iy choralar ko‘rilishini alohida bildiraman», dedi viloyat hokimi.

Bundan tashqari viloyat hokimi maktablarda qishki isitish mavsumigacha birorta maktabda «burjuyka pechlari» qolmasligini va ular zamonaviy isitish tizimlari bilan jihozlanishi lozimligini bildirdi.

Shundan so‘ng, Turdimov viloyatda koronavirus bilan bog‘liq ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Ma'lum bo‘lishicha, viloyatga Germaniyadan o‘n nafar shifokor keladi. Ular viloyat shifokorlari bilan birgalikda bemorlarni davolashda ishtirok etadi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top