11:05 / 24.08.2020
7550

VI Xalqaro armiya o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi 

Shu kunning o‘zida “Tank biatloni” musobaqasi ishtirokchilarining yakka tartibdagi bellashuvlari boshlandi. 

Joriy yilning 23 avgust kuni Moskva viloyatida joylashgan Patriot parkida VI Xalqaro armiya o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimiz nomidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ofitserlari hamda musobaqalarga kirishish ostonasida turgan harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

“Vatanparvar” gazetasi muxbiri Aziz Norqulov xabariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustin, Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu ishtirok etgan tantanada barcha musobaqaga qatnashayotgan davlatlar jamoalari vakillari o‘z bayroqlari ostida sahnaga chiqib kelishdi.

Ochilish marosimidan so‘ng ishtirokchilar Harbiy texnik forumdan o‘rin olgan jangovar texnikalar bilan tanishdilar. “Do‘stlik uyi”da bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmali namoyishda esa barcha ishtirokchi davlatlar qatorida boy madaniy merosimiz, madaniyat va san'atimiz, milliy liboslar va hunarmandchilik buyumlarimiz aksariyat mehmonlarning diqqat markazida bo‘ldi. 

“Dala oshxonasi” yo‘nalishida musobaqalashayotgan davlatlarning milliy taomlari namoyishi ham ko‘pchilikning yodida qoladigan bo‘ldi. Bir chekkadan boshlagan tomoshabin oxiriga yetguncha bir-biriga o‘xshamaydigan taomlardan tatib ko‘rdi. 

Shu kunning o‘zida “Tank biatloni” musobaqasi ishtirokchilarining yakka tartibdagi bellashuvlari boshlandi. Tankchilarimiz esa 25 avgust kuni ilk bahslarga kirishadilar. 

Mavzuga oid
Top