20:47 / 25.08.2020
3226
2017-2019 yillarda kino sohasida 17 milliard so‘mlik mablag‘lar noto‘g‘ri sarflangan

“O‘zbekkino” bu yil kinosanoatga umumiy hisobda 6 mln AQSh dollari va 100 mlrd so‘m atrofida moliyaviy mablag‘ jalb qilishni rejalashtirgan.

Moliya vazirligi huzuridagi Nazorat taftish bosh boshqarmasi tekshiruviga ko‘ra kino sohasida 17 milliard so‘mlik budjet mablag‘lari noto‘g‘ri sarflangan. Hozirda ishni Bosh prokuratura o‘rganmoqda. Bu haqda “O‘zbekkino” MA bayonotida aytilmoqda.

“O‘zbekkino” MA ajratilayotgan mablag‘larning yuqori budjetli murakkab kinofilmlarni yaratish uchun bir doiradagi kompaniyalar va rejissyorlar o‘rtasida taqsimlanishi kabi uzoq yillar davom etgan zararli amaliyotga qarshi. Bunday yondashuv kinoijodkorlar o‘rtasidagi sog‘lom raqobatga halokatli ta'sir ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan endilikda aksariyat kinoloyihalarning ssenariy buyurtmalari ijodiy raqobat asosida tanlab olinadi", - deyiladi agentlik bayonotida.

Shuningdek, bayonotda so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan munozarali mavzularga munosabat bildirilgan. Xususan ijodkorlar o‘rtasidagi ayrim norozilik va kelishmovchiliklar "Yangicha va eskicha yondashuvlar o‘rtasidagi kurash" deya atalgan.

Qayd etilishicha, “O‘zbekkino” MA bu yil kinosanoatga umumiy hisobda 6 mln AQSh dollari va 100 mlrd so‘m atrofida moliyaviy mablag‘ jalb qilishni rejalashtirgan.

Top