10:58 / 25.08.2020
1665
Fizika instituti olimlari quyosh kollektorining issiqlik qabul qiluvchi panelini tayyorlash usulini ishlab chiqdi

Ushbu usul quyosh energiyasi vositasida suv isitish va fuqarolik, sanoat binolari hamda kommunal-maishiy obektlarining issiqlik ta'minotida foydalanishga mo‘ljallangan.

Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti olimlari tomonidan quyosh kollektorining issiqlik qabul qiluvchi panelini tayyorlash usuli ishlab chiqildi.

FA xabariga ko‘ra, ushbu usul geliotexnika, quyosh energiyasi vositasida suv isitish va fuqarolik, sanoat binolari hamda kommunal-maishiy obektlarining issiqlik ta'minotida foydalanishga mo‘ljallangan.

Issiqlik qabul qiluvchi element issiqlik tashuvchi uchun issiqlik tarqatadigan gidravlik kanallar hamda qizdirilgan materialni shakl hosil qiluvchi matritsa orqali bosib chiqarish yo‘li bilan butun profil ko‘rinishidagi bitta materialdan qilingan qirralarda joylashtirilgan qulflar bilan tayyorlanadi.

Shakl hosil qiluvchi matritsaning chiqarish tirqishi issiqlik qabul qiluvchi element yuzasini taram-taram chiziqli qilib yasash imkoniyati bilan bajariladi va ko‘ndalang kesimda cho‘zinchoq ellipslar shaklidagi issiqlik tarqatadigan kanallarga ega qutisimon shakldagi kasseta ko‘rinishidagi issiqlik qabul qiluvchi element hosil qilib, cho‘zinchoq ellips shaklidagi ko‘ndalang kesimli sterjen-bo‘rtiklar bilan yopib qo‘yiladi. Shundan keyin issiqlik qabul qiluvchi element ustiga elektr kimyoviy anodlash usuli bilan alyuminiy oksididan selektiv qoplama surtiladi va qulflar vositasida issiqlik qabul qiluvchi elementlarni bir-biriga bir tekislikda ketma-ket biriktirish bilan issiqlik qabul qiluvchi panel yig‘iladi.

Issiqlik uzatish kanallari bir tekis issiqlik qabul qilish panelining butun kesishmasida teng ravishda taqsimlanib, issiqlik almashinuvi yuzasini ta'minlaydi. Panel ekstruziya qurilmasida ekstruziya usuli orqali qattiq metall profildan (alyuminiy qotishmasidan) tayyorlanadi, bu yerda 500 darajagacha qizdirilgan alyuminiy qotishma 100 dan 2000 tonnagacha tashqi kuchlar va unga ta'sir qiluvchi harorat ta'sirida plastik deformatsiyalanadigan shakllantiruvchi matritsa orqali siqiladi.
Ushbu ishlanma oddiyligi, katta issiqlik almashinuvi yuzasi bo‘lgan tekis issiqlik almashinish panelining yuqori samaradorligi, nisbatan arzonligi bilan afzaldir.

Ekstruziya yordamida modernizatsiya qilingan yassi nurni yutuvchi paneli payvandlashsiz, choklarsiz bo‘lib, yuqori chidamlilik ta'minlanadi.

Top