21:03 / 25.08.2020
1246
“Formula-1” poygalari taqvimiga 4 ta bosqich qo‘shildi 

“Formula-1” poygalarining rahbariyati joriy mavsumda Xitoy bosqichini bekor qilib, poygalar taqvimiga yana 4 ta bosqich kiritishga qaror qildi. Bu haqda poygalarning rasmiy saytida ma'lum qilingan.

Foto: Formula1.com

Fevralda o‘tishi kerak bo‘lgan Xitoy gran-prisi noma'lum muddatga qoldirilgandi, iyulda esa Xitoyning sport bosh boshqarmasi mamlakatda barcha musobaqalar o‘tkazilishini bekor qilgan.

Shu bilan birga, poygalar taqvimi 13 ta bosqichdan 17 tagacha kengaytirildi. Joriy mavsumda 9 yillik tanaffusdan keyin yana Turkiya gran-prisi bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, Bahraynda 2 ta bosqich o‘tkaziladi. Poygalarning so‘nggi bosqichi esa Abu-Dabida bo‘lib o‘tadi. 

Turkiya oxirgi marta poygalarni 9 yil avval qabul qilgan. Turkiya bosqichi Istanbul-park avtodromida bo‘lib o‘tadi.

“Formula-1”ning qolgan poygalari quyidagi tartibda o‘tkaziladi: 

  • 30 avgust – Belgiya gran-prisi
  • 6 sentabr – Italiya gran-prisi
  • 13 sentabr – Toskana gran-prisi
  • 27 sentabr – Sochidagi Rossiya gran-prisi
  • 11 oktabr – Nyurburgring gran-prisi
  • 25 oktabr – Portugaliya gran-prisi
  • 1 noyabr - Emiliya-Romanya gran-prisi
  • 15 noyabr – Turkiya gran-prisi
  • 29 noyabr – Bahrayn gran-prisi
  • 6 dekabr – Bahraynda Sohir gran-prisi
  • 13 dekabr - Abu-Dabi gran-prisi

Ayni vaqtda chempionatda 6 ta bosqich o‘tkazib bo‘lindi. Poygalarda Mercedes jamoasi a'zosi, amaldagi chempion Lyuis Hemilton 132 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.

An'anaga ko‘ra, mart oyida start oluvchi poygalar joriy yilda pandemiya sababli iyuldagina boshlandi. Bundan tashqari, ba'zi bosqichlar bekor qilingan, boshqalari esa kechroq muddatga ko‘chirilgan. Dastlabki taqvimga ko‘ra, joriy mavsumda jami 21 ta bosqich o‘tkazish rejalashtirilgandi.

Top