09:53 / 25.08.2020
10934
IIV Boysunda portlab ketgan mashina bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi

Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Joriy yilning 12 avgust kuni soat 19:05larda, Surxondaryo viloyati Boysun tumani, “Inkabod” mahallasi hududidan o‘tgan 4R-105 avtomobil yo‘lining 33-kilometrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, haydovchi, 1981 yilda tug‘ilgan U.X. “Vaz-2107” rusumli avtomobilga 6 dona propan gaz to‘ldirilgan ballonlarni ortib, “Denov-Boysun” yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib ketayotib, avtomashina salonida sigaretni tutashish maqsadida olov yoqqan vaqtida chaqnash sodir bo‘lib, yong‘in yuzaga kelgan.

Natijada, haydovchi U.X. avtomashinani to‘xtatib, salon old o‘rindig‘ida o‘tirgan o‘g‘li, 2011 yilda tug‘ilgan D.I.ni kuyish tan jarohatlari bilan salon ichidan olib chiqqan. Transport vositasi yong‘in oqibatida to‘liq zararlangan.

9 yoshli D.I. 30-35 foiz kuyish tan jarohatlari bilan tuman shoshilinch tez tibbiy bo‘limiga yotqizilgan. Tibbiy muolajalar ko‘rsatilishiga qaramay, joriy yilning 14 avgust kuni soat 15:30larda voyaga yetmagan D.I. vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati, Boysun tuman FVB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Top