07:52 / 25.08.2020
2722

Ikki tomonlama kelishuvlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston-Hindiston qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Qo‘mitaning navbatdagi yig‘ilishini joriy yilning 4-choragida o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Joriy yilning 24 avgust kuni videokonferensiya shaklida ikki tomonlama kelishuvlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va ilgari surish bo‘yicha O‘zbekiston-Hindiston qo‘mitasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston tomonidan Qo‘mita hamraisi – tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari F.Arziyev, Hindiston tomonidan – tashqi ishlar davlat vaziri V.Muralidaran hisoblanadi.

Yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari -  investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqovning tabrik so‘zi bilan ochilib, unda qo‘shma loyiha va tashabbuslarni samarali ilgari surishda Qo‘mitaning roli alohida ta'kidlandi hamda tomonlarning birgalikdagi faoliyatining ustuvorliklari belgilandi.

Yig‘ilish davomida savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-logistika sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashning joriy holati va istiqbollari, shuningdek, har ikki mamlakat hukumatlari tomonidan koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan global inqiroz hodisalarining iqtisodiy oqibatlarini yumshatish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, ta'lim va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Jami ikki tomonlama hamkorlik doirasida umumiy qiymati 2,3 mlrd dollarga teng 98 ta investitsiya va savdo bitimi imzolangan.

Investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi Bitim va imtiyozli savdo to‘g‘risidagi Bitimni tayyorlash va imzolashni tezlashtirish bo‘yicha keyingi choralar ko‘rib chiqildi.

Tadbir yakunida ikki tomonlama kelishuvlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish, shuningdek, Qo‘mitaning navbatdagi yig‘ilishini joriy yilning 4-choragida o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Top