19:39 / 25.08.2020
5002
Imkoniyat bo‘lganda darslarni ochiq havoda o‘tkazish tavsiya qilinmoqda – Xalq ta'limi vaziri

O‘quv yili boshlansa, imkoniyatga qarab qaysidir dars mashg‘ulotlarini ochiq havoda o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda. Bu haqda Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov maktablarda yangi o‘quv yilini boshlash masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma'lumot berdi.

«Maktablarda sanitariya-epidemiologiya talablarini imkon boricha joylarda tatbiq etishga harakat qilamiz. Hayotda o‘ziga yarasha qiyinchiliklarimiz bor.

Hozirgi kunda O‘zbekistondagi maktablarning 60 foizida bolalar 2-smenada o‘qiydi. Buni yashirishning keragi yo‘q. Maktablar qurilishi bilan bu holat yaxshilanishiga harakat qilinmoqda.

Biz gibrid ssenariysini tanlayotganimizning yana bir sababi bu ijtimoiy masofa saqlash imkoniga ega bo‘lishga yordam berishi mumkin. Masalan, xohlagan ota-onalar bolalarini maktabga yuborsa, sinfda bolalar juda ko‘p bo‘lmaydi. Lekin baribir maktabdan qaytishda bolalar ijtimoiy masofa saqlashini hech kim nazorat qila olmaydi», dedi vazir.

Darsni imkon boricha 45 daqiqa qilib saqlab qolish rejalashtirgani, lekin qaysidir fanlarda dars davomiyligi qisqarishi ham mumkinligi qayd etib o‘tilgan.

«Jismoniy tarbiya, musiqa kabi kerakli asboblarni ushlash kerak bo‘ladigan fanlarni pandemiya sharoitida o‘qitish masalasi turli davlatlarda turlicha hal qilinmoqda. Biz bu fanlarni imkon qadar o‘quv dasturida saqlab qolishga harakat qilyapmiz.

Bundan tashqari, qaysi dars mashg‘ulotini ochiq havoda o‘tkazishning imkoni bo‘lsa, darslarni ochiq havoda o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Maktablarga tana haroratini o‘lchovchi asboblar har oyda yetarlicha antiseptik vositalar markazlashgan tarzda beriladi. Lekin tibbiy niqobni bolalar o‘zlari bilan olib kelishlariga to‘g‘ri keladi», deya ma'lumot berdi Sherzod Shermatov.

Ta'kidlanishicha, televizion darslar orqali o‘qiydigan bolalar ham uyga vazifalarini doimiy tarzda o‘qituvchiga topshirib boradi. Buning uchun vazirlik tomonidan Kundalik.com platformasi ishlab chiqilgan. O‘tgan o‘quv yilida bu platforma Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazildi, uning imkoniyatlari kengaytirilishi uchun harakat qilinmoqda. Televizion darslar orqali o‘qiyotgan bolalar bu platforma orqali uyga vazifalarini topshiradi.

Top