18:36 / 25.08.2020
12142
Rotenberglar oilasi yana Rossiyaning eng boy sulolasiga aylandi

Rotenberglar oilasi 2014 yilda Rossiyaning eng boy sulolasi deb topilgan edi. Oradan 6 yil o‘tgach ular yana reytingning cho‘qqisiga chiqib olishdi.

Arkadiy Rotenberg /Foto: Reuters

Forbes nashrining hisob-kitobiga ko‘ra, Rotenberglar oilasi Rossiyaning eng boy sulolasi hisoblanadi. Ularning umumiy boyligi 5,45 milliard dollarga baholanmoqda. Bunda nashr oilaning 4  a'zosi boyligini inobatga olgan — Arkadiy Rotenberg, uning ukasi Boris, shuningdek, o‘g‘li Igor va qizi Liliya. Bir yil ichida oilaning boyligi 270 mln dollarga ko‘paygan.

Reytingni tuzishda jurnal oila aktivlarining qiymati: kompaniya aksiyalari, ko‘chmas mulk obektlari, yer uchastkalari, shuningdek, shaxsiy mulk va boshqalarni inobatga olgan. Ma'lumotlar 2020 yil 15 iyul holatiga keltirilgan.

Forbes 68 yoshli Arkadiy Rotenberg boyligini 2,9 milliard dollarga baholagan. Hozirgi vaqtda u Rossiya xokkey federatsiyasi boshqaruvi raisi, «SKD «Yavara-Neva» jamg‘armasi bosh direktori hisoblanadi. Shuningdek, Rotenberg Qrim ko‘prigi qurilishining bosh pudratchisi «Stroygazmontaj» kompaniyasining asoschisi va rahbari bo‘lgan. 2019 yilda u kompaniyani «Stroyinvestxolding»ga sotgan. Aynan shu sababli, uning oilasi boyligi ko‘paygan.

Arkadiyning ukasi, 63 yoshli Borisning boyligi 1,1 milliard dollarga baholanyapti. Boris Rotenberg — SMP Bank direktorlari kengashi a'zosidir.

Arkadiyning o‘g‘li, 47 yoshli Igor Rotenberg boyligi 950 mln dollarga baholanyapti. U «Gazprom bureniye» kompaniyasining egasidir. Shuningdek, unga katta yuk avtomobillaridan to‘lov yig‘uvchi «Platon» tizimi operatori «RT-Invest Transportnyye sistemy» kompaniyasining 23,5 foiz aksiyalari, shuningdek, «Aviapark» savdo markazi va «TEK-Mosenergo» aksiyalari ham tegishli.

42 yoshli Liliya Rotenberg 500 mln dollar miqdoridagi boylikka egalik qiladi. Unga TPS Real Estate kompaniyasining 33,3 foiz aksiyalari tegishli. 

Forbes nashri reytingida ikkinchi o‘rinni «Fosagro» kompaniyasi xo‘jayini, 5,1 milliard dollar boylikka ega Gurevlar oilasi egallab turibdi. 

5 yil davomida reytingda peshqadamlik qilgan Gutseriyevlar oilasi 3,2 milliard dollar boyligi bilan uchinchi pog‘onaga tushgan. «Koronainqiroz» tufayli ularning ko‘chmas mulk loyihalari qiymati pasaygan. Natijada, oila 2,45 milliard dollar yo‘qotgan.

Top