11:53 / 25.08.2020
18671
Zominda «Tez yordam» xodimi kaltaklandi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jizzax viloyatining Zomin tumanida kaltaklangan tibbiyot xodimi shifoxonada davolanayotgani haqida xabar berdi.

Vazirlik matbuot xizmati chaqiriq vaqtida bemorning yaqinlari tomonidan kaltaklanib, Zomin tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch xirurgiya bo‘limida davolanayotgan tez tibbiy yordam xizmati xodimi haqida tarqalgan xabarlarni o‘rganish natijalarini ma'lum qildi.

Foto: Xabar.uz

Ma'lum bo‘lishicha, 23 avgust kuni soat 12:06da Jizzax viloyat «Sall-markaz»iga Zomin tumani «Oqtepa» MFY J.Sulaymanov ko‘chasida yashovchi fuqaro A.B.ga yaqinlari tomonidan chaqiriq bo‘lgan. Soat 12:10da tez yordam brigadasi ushbu fuqaroning yashash xonadoniga yetib borgan.

Shifokor 1939 yil tug‘ilgan bemorni tekshiruvdan o‘tkazgach, bemorning umumiy ahvoli og‘ir bo‘lgani sababli shifoxonada statsionar sharoitda yotib davolanishi uchun olib ketish kerakligini aytadi. 

Ammo dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, bemorning yaqinlari bunga ruxsat berishmagan. Shundan so‘ng tez yordam brigadasi tomonidan zarur birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, kerakli maslahatlar berilgan.

Shu kuni soat 13:42da mazkur xonadondan yana qayta viloyat «Sall-markazi»ga chaqiriq bo‘lgan. Tuman tez yordam brigadasi soat 13:47da bemorning yashash xonadoniga yetib borgan vaqtda bemorda biologik o‘lim yuz bergani ma'lum bo‘lgan. 

Tez yordam bo‘limi navbatchi feldsheri E.I. ushbu holat yuzasidan tushuntirish berayotgan vaqtida bemorning yaqinlari tomonidan kaltaklangan. 

Feldsher E.I. zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasi qabul bo‘limiga olib kelingan vaqtda u karaxt holda ko‘ngli aynib, qayt qilishi kuzatilgan. Bemor tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilib, shoshilinch xirurgiya bo‘limiga yotqizilgan. 

Unga yopiq bosh miya chayqalishi, bo‘yin sohasi yumshoq to‘qimlarining lat yeyishi, teri osti gematomasi tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda bemorga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.

«Mazkur holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limga xabar berilgan bo‘lib, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Ushbu vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bosh prokuratura matbuot xizmati ham ushbu holat yuzasidan ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, hozirda mazkur holat yuzasidan Zomin tumani IIO FMB 1-sonli IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.  

Feldsherga yetkazilgan tan jarohatlarining og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekpertizasi taynlangan. 

Tekshirish olib borilishi ustidan Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan nazorat o‘rnatilgan.

 

Top