15:51 / 26.08.2020
5620
Andijonda 1 milliard so‘mlik nayrang fosh bo‘ldi - bojxona xabarlari

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati bojxona imtiyozlaridan noqonuniy foydalanish va giyohvand moddalar savdosiga oid qonunbuzilish holatlari haqida xabar berdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari «Bobur» TIF bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda xorijiy mamlakatdan viloyatdagi MChJlardan birining nomiga keltirilgan «sintetik tolali mato» tovarlarini bojxona ko‘rigidan o‘tkazishdi.

Natijada, olib kelingan yuklar orasida hujjatlarda ko‘rsatilmagan, umumiy qiymati qariyb 1 mlrd 13 million so‘mlik «sintetik mato»lar borligi ma'lum bo‘ldi.

Trikotaj mahsulotlarini 124 million so‘mlik imtiyoz bilan olib kirishga bo‘lgan urinish to‘xtatildi

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Tashqi iqtisodiy faoliyatda notarif tartibga solishni nazorat qilish va bojxona ekspertizasi guruhi va «Qo‘qon» TIF bojxona posti xodimlari tomonidan imtiyozlardan noqonuniy tarzda foydalanishga bo‘lgan urinishlarga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida viloyatdagi MChJlardan birining nomiga xorijiy mamlakatdan olib kelingan trikotaj mahsulotlari nazoratdan o‘tkazildi. Tekshiruv davomida, mazkur tovarlarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklatura kodlari o‘zgartirilgani va natijada 124 million so‘m imtiyozni noqonuniy olishga bo‘lgan urinish fosh etildi.

Hyundai Porter'ni noqonuniy ravishda imtiyoz bilan olib kirish rejasi ish bermadi

Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari «Tinchlik» TIF bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yana bir qing‘irlikni o‘z vaqtida fosh etishdi.

Fuqaro G‘.Z. nomiga Koreya davlatidan olib kelingan «Hyundai Porter II» rusumli avtotransport vositasi maxsus sovutish tizimi bilan jihozlangani hujjatlarda ko‘rsatilib, tegishli tartibda imtiyoz olish uchun bojxona organlariga taqdim etilgan.

Avtomashina bojxona ko‘rigidan o‘tkazilar ekan, u maxsus sovutish tizimi bilan jihozlanmagani, barchasini tadbirkor o‘zi qo‘lbola usulda tayyorlab, to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona to‘lovlarini chetlab o‘tishga uringani aniqlandi.

Hozirda qiymati 155 million so‘mlik avtomashina vaqtincha saqlovga olinib, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Konfet qog‘oziga o‘ralgan og‘u

Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining yashirin savdosiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Tadbir davomida fuqaro M.R. o‘ziga xos o‘tkir hidli 5,46 gramm “sintetik” giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Shuningdek, fuqaro M.R.ga tegishli bo‘lgan qo‘l sumkasi ko‘zdan kechirilganida, sumka ichidan bir dona oq qog‘oz parchasiga o‘ralgan 0,68 gramm hamda konfet qog‘oziga o‘ralgan 2,34 gramm “sintetik” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Shuningdek, yana bir holatda fuqaro T.D. shartli xaridorga bir dona oq rangli tselofan paketga o‘ralgan 12,95 gramm “sintetik” giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi. Shundan so‘ng, fuqaro T.D.ning yashash xonadoni ham tekshirilganida, o‘ziga xos o‘tkir hidli, og‘irligi 1,15 gramm “sintetik” giyohvandlik vositasi borligi fosh bo‘ldi.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida og‘irligi 22,58 gramm “sintetik” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Andijonda giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi fosh bo‘ldi

Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasini oldini olish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tezkor tadbir davomida, fuqaro X.M. noqonuniy tarzda 54 gramm og‘irlikdagi «marixuana» giyohvandlik vositasini 1,8 million so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro X.M.ning yashash xonadoni ham ko‘zdan kechirildi. Natijada, ushbu shaxsning uyidagi tegirmonxonasida 858 gramm «marixuana» giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.

Tadbir davomida jami 912 gramm og‘irlikdagi «marixuana» giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha bojxona surishtiruvlari davom etmoqda.

Top