23:20 / 26.08.2020
5786
AQSh 330 mln dollar evaziga Sudanni terrorchilik homiylari ro‘yxatidan chiqarishni taklif qildi 
Foto: REUTERS/Council Media office

AQSh Sudan “Al-Qoida” terrorchilik guruhining qurbonlariga 330 mln dollar kompensatsiya to‘lashi evaziga uni terorchilikka homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarishni taklif qildi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi
 
25 avgustda AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Sudan poytaxti Xartumga yangi o‘tish hukumatini qo‘llab-quvvatlash uchun tashrif buyurgan. 

Ta'kidlanishicha, AQSh oxirgi yillarda Sudan bilan munosabatlarni bosqichma-bosqich tiklamoqda, biroq Afrika davlati terrorchilikka homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatidan chiqishi oldidan unga qarshi berilgan va hal qilinmagan barcha sud arizalarini hal qilishni talab qilmoqda. 

Bu orada Sudan vazirlari, muxolifat yetakchilari va fuqarolari AQShga yuzlab million dollar to‘lanishi mumkinligidan xavotir bildira boshlashgan. Ulardan ba'zilar Sudanning yangi hukumati avvalgi hukumatning “qilg‘iliqlari”dan aziyat chekishi adolatsizlik ekanidan shikoyat qilishgan.

“Biz tuzumga qarshi chiqdik va uni ag‘dardik. Endi esa biz uning xatolari uchun haq ham to‘lashimiz kerak”, deb aytgan faollardan biri Muhammad Babiker.

Fevralda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Sudanni terrorchilikka homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarishga chaqirgan.

Vashington Sudanni ushbu ro‘yxatga 1993 yilda kiritgan. Bu bilan bog‘liq kiritilgan sanksiyalar boshqa cheklovlar bilan bir qatorda Sudan banklariga xorijiy hamkorlar bilan ishlash imkoniyatini cheklaydi. 3 yil avval AQSh matbuotida Vashington Sudanga qarshi sanksiyalarni bekor qilmoqchiligi haqida ma'lumot paydo bo‘lgan. AQSh bunda Afrika davlatida inson huquqlari yaxshilangani va terrorchilikka qarshi kurashda ilgarilash borligiga tayangan.

Top