08:51 / 26.08.2020
3538
Firibgarlikni kasb qilib olgan shaxs sud oldida javob berdi - Tergov departamenti

Unga umumiy 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilangan.

2015 yil noyabr oyidan 2016 yil dekabr oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida S.R. Toshkent shahar Shayxontohur tumani Gulobod ko‘chasida jabrlanuvchi A.K.ga birgalikda videokameralarni yig‘ish sexini ochishni va katta miqdorda foyda ko‘rishni va'da qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u A.K.dan dastlabki ishlab chiqarish dastgohlari, turli mebel, asbob-uskunalar sotib olish uchun jami 3.700 AQSh dollari (11.802.741 so‘m) miqdordagi pullarni davomiy ravishda firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘zining ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Bundan tashqari, S.R. jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2016 yil aprel oyining boshida Toshkent shahar Chilonzor tumani Novza ko‘chasidagi ofisda  jabrlanuvchi B.G.dan 7.200 AQSh dollari (20.755.296 so‘m) evaziga Lacetti rusumli avtomashina olib bersa, ikki yil mobaynida unga ushbu pullarini 3.600 AQSh dollari miqdoridagi ustamasi bilan qaytarib berishini va'da qilib jami 7200 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘zining ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Bundan tashqari, S.R. yana bir qancha firibgarlik jinoyatlarini sodir etib bir guruh fuqarolardan turli aldov yo‘llari bilan katta miqdordagi pullarini qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Firibgarlik holatlari yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, S.R.ga ayb e'lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tegishli sudlovga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudining hukmiga ko‘ra, S.R. firibgarlik jinoyatlarini sodir etishda aybli deb topilib, umumiy 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilangan.

Top