18:34 / 26.08.2020
7224
«O‘zbekiston» lokomotiv deposi navbatchisi 23 kishini aldab 18 ming dollar olgani ma'lum bo‘ldi

Bosh prokuratura matbuot xizmati mahkama huzuridagi Departament va DXXning Jizzax viloyat boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir haqida axborot berdi.

Tadbirda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning «O‘zbekiston» lokomotiv deposi navbatchisi Yu.B. fuqaro J.O.ni tanishlari orqali «O‘zbekiston» lokomotiv deposi Jizzax filialiga haydovchi vazifasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 1 000 AQSh dollari talab qilib, shundan 300 AQSh dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Bundan tashqari, o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Yu.B. 23 nafar fuqaroni deponing turli lavozimlariga ishga joylashtirib qo‘yishi evaziga 18 400 dollarini qo‘lga kiritib, shundan 21 nafar fuqaroning 13 300 dollarini qaytarmasdan kelayotgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Yu.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi «b», «v» bandlari va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top