11:24 / 26.08.2020
4098
QQS summasi o‘rnini qoplash tartibi tafsilotlari aniqlashtirildi

Vazirlar Mahkamasining 14.08.2020 yildagi “Qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda chet el yuridik shaxslari bilan bog‘liq soliq ma'murchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 489-son qarori qabul qilindi.

Foto : KUN.UZ

Hujjat o‘zining mazmuni va ahamiyati bo‘yicha turlicha bo‘lgan QQS ma'murchiligi bilan bog‘liq Tartiblarni tasdiqlaydi, shuningdek chet el yuridik shaxslari bilan bog‘liq xabarnomalar shakllari tasdiqlanadi.
 
Norma’ning yozishicha, Qaror bilan:

  • Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash tartibi (1);
  • Hisobvaraq-fakturalarning shakllari hamda ularni to‘ldirish, taqdim etish va qabul qilish tartibi (2);
  • QQS bazasini tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan kelib chiqib aniqlash tartibi (3);
  • Tovarlarga (xizmatlarga) haq to‘lash bo‘yicha majburiyat umid qilib bo‘lmaydigan qarzdorlik deb e'tirof etilganda va uni hisobdan chiqarish lozim bo‘lgan hollarda QQS bazasiga tuzatish kiritish tartibi (4);
  • Chet el yuridik shaxslarida ishtirok etish to‘g‘risidagi xabarnomalarning shakllari, ularni to‘ldirish va taqdim etish tartibi (5);
  • Nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomalarning shakllari, ularni to‘ldirish va taqdim etish tartibi (6) tasdiqlandi.

 QQS summasi o‘rnini qoplash tartibi asosiy tasdiqlanadigan tartiblardan biri hisoblanadi. Soliq kodeksiga muvofiq QQS summasini o‘rnini qoplash soliq to‘lovchining arizasiga asosan soliq organlari tomonidan kameral tekshiruv o‘tkazilgandan keyin amalga oshiriladi.
 
Agar kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra soliq organi qaytarilishi bayon etilgan soliq summasi o‘rnini to‘liq yoki qisman qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilsa, ko‘rsatilgan summa soliq to‘lovchiga ariza taqdim etilgan kundan e'tiboran 60 kundan kechiktirmay qaytariladi.
 
Quyidagi soliq to‘lovchilar uchun soliq summasi o‘rnini tezlashtirilgan tarzda qoplash tartibi imkoniyati mavjud:

  • yirik soliq to‘lovchilar;
  • bank kafolatini taqdim etgan yoki soliq organlari bilan garov shartnomasini imzolaganlar;
  • eksportni amalga oshiruvchi shaxslar;
  • xorijiy davlat diplomatik va unga tenglashtirilgan vakolatxonalar;
  • mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim ishtirokchilari;
  • soliq monitoringi ishtirokchilari.

Tezlashtirilgan tartibda qoplash yetti kun ichida amalga oshiriladi. Bunda qoplanishi bayon etilgan soliq summasi asoslanganligi yuzasidan kameral soliq tekshiruvi umumiy tartibda o‘tkaziladi.
 
5- va 6-Nizomlar 2022 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.
 
Hujjat 15.08.2020 yildan kuchga kirdi.

Top