00:03 / 26.08.2020
2954
Quyosh batareyalarida ishlovchi samolyotdan dunyoda birinchi marta parashyutda sakraldi
Foto: REUTERS / Pool / Laurent Gillieron

Shveytsariyalik parashyutchi Rafael Domyan dunyoda birinchi bo‘lib quyosh batareyalarida ishlovchi samolyotdan parashyutda sakradi. Bu haqda Swissinfo.ch nashri xabar berdi.

Samolyot bortida shuningdek uchuvchi Migel Iturmendi ham bo‘lgan. Samolyot Shveytsariyaning g‘arbida joylashgan Payyern shahridagi aerodromdan havoga ko‘tarilib, 1538 metr balandlikka chiqqan va 100 km/soat tezlikka erishgan.

Domyan samolyotdan sakragach, parashyutni belgilangan vaqtda ochishga va Payyerndagi aerodromga qaytishga ulgurgan. Sakrash vaqtida uning tezligi 150 km/soatgacha yetgan.

Aerodromda Domyanni uchuvchi Bertran Pikkar kutib olgan. Pikkar 2016 yilda quyosh batareyalarida ishlovchi samolyotda dunyo atrofida sayohatni amalga oshirgan.

“Samolyot quyosh batareyalaridan olinuvchi energiya yordamida havoga ko‘tarildi. Biz bu samolyotdan birinchi marta parashyutda sakradik. Fikrimcha, ushbu urinishimiz parashyut sporti kelajagini o‘zgartirib yuboradi”, deb aytgan Domyan.

8,5 metr uzunlikka ega, qanotlari qulochi 24,8 metrga yetuvchi samolyotning og‘irligi 450 kgni, quyosh batareyalari egallaydigan maydon 22 kvadrat metrni tashkil qiladi.

SolarStratos loyihasi 2014 yilda quyosh panellaridan ishlovchi samolyotlarda tijoriy parvozlarni amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan. Loyiha jamoasi 2022 yilda samolyotni 25 ming metr balandlikka ko‘tarib, stratosferaga chiqarishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Top