21:20 / 27.08.2020
2557
Alibaba Kashmirdagi bahs sababli Hindistonga investitsiyalarni to‘xtatdi - Reuters

Xitoyning Alibaba kompaniyasi Hindiston startaplariga investitsiyalar kiritishni kamida yarim yilga to‘xtatishga qaror qildi. Bu haqda nomi keltirilmagan manbalarga tayanib Reuters axborot agentligi xabar berdi. Ularning ma'lumotlariga ko‘ra, kompaniyaning bu qarori oxirgi vaqtda Xitoy va Hindiston o‘rtasida Kashmirdagi hududiy bahs keskinlashgani bilan bog‘langan. 

Foto: Bloomberg

Kashmirdagi mojaro davomida Hindiston Xitoyning bir qator dasturlari, jumladan TikTok, Weibo, Baidu map, Clash of Kings’ni to‘sib qo‘ygan. Alibaba taqiqlangan kompaniyalar ro‘yxatiga tushmagan, biroq OAVda Hindistonning keyingi qadamlari ushbu kompaniyaga qarshi qaratilishi mumkinligi ma'lum qilingan

Xitoy kompaniyalari oxirgi vaqtda Hindistonning texnologik startaplariga tobora faol investitsiya kiritmoqda. Alibaba, uning investitsiyalar bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi Alibaba Capital Partners va yana bir sho‘'ba korxonasi Ant Group 2015 yildan beri Hindiston startaplariga 2 mlrd dollardan ko‘proq investitsiya kiritgan. Jumladan, Xitoy kompaniyasi Hindistonning Paytm to‘lov tizimiga, taomlarni onlayn yetkazish xizmati Zomato va BigBasket onlayn-riteyleriga sarmoya kiritgan.

“Alibaba va boshqa kompaniyalar Hindistonga investitsiyalar kiritish rejalarini 6 oyga to‘xtatdi. Ular bu vaqt ichida vaziyat biroz tinchlanishiga umid qilishmoqda. Hech kim hind kompaniyalaridagi ulushini bozordagi narx va xaridorlar ko‘pmasligini hisobga olib, sotuvga qo‘yishni rejalashtirmaydi”, deb aytgan manbalardan biri.

Top