16:37 / 27.08.2020
25367
«Andijon»dan bankrotlik haqida xat oldik». Diyor Imomxo‘jayev «GM Uzbekistan» homiyligi va moliyaviy qarzdorliklar haqida

So‘nggi kunlarda o‘zbek futboli ayvonidagi asosiy voqea «Andijon» futbol klubining moliyaviy muammolar girdobiga tushib qolgani bo‘ldi. Hali mavsumning yarmi ham o‘tmay, Superliga klubining bunday ahvolga tushib qolishiga nima sabab bo‘ldi? Ustiga-ustak «Andijon» Superliga-2020 yilgi mavsumida hali g‘alaba nimaligini bilmagan yagona klub bo‘lib turibdi. Kun.uz va Tribuna.uz muxbirlari 27 avgust, payshanba kuni PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev bilan suhbatlashib, «Andijon» klubi va jamoaning Superligadagi ishtirokiga doir vaziyatga oydinlik kiritishdi.

 Ma'lum bo‘lishicha, «Andijon» fubol klubini inqirozli holatga kelishi O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan anchadan beri taxmin qilingan. Chunki Andijon viloyatining bosh jamoasi nafaqat futbolchi va murabbiylar oldida, balki mehmonxonalar, oziq-ovqat bilan ta'minlovchi tashkilotlar oldida ham qarzdorligi bo‘lgan. Bu narsa qachondir oxiriga yetib kelishi kerak edi va hozirga kelib yuzaga chiqdi.

«Bu narsa bir kun kelib yorilishi kerak edi»

 - Diyor, «Andijon» atrofidagi muammolar qachon boshlangan? Yil boshida PFLga moliyaviy kafolat haqida hujjat topshirilganmidi?

- Men 2,5 yildan buyon PFLda ishlayotgan bo‘lsam, «Andijon» klubi har yili qarzdan-qarzga yetib keladigan klub. Bu narsa bir kun kelib yorilishi kerak edi. Menimcha, klub uchun o‘sha kunlar yetib keldi. Klubdagi vaziyatdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bu anchadan buyon kutilgan narsa. Qachondir buning yakuni bo‘lishi kerak edi.

 «GM-Uzbekistan» avtomobil zavodining «Andijon»ga pul berishga majburiyati yo‘q»

 - Kuni kecha «Andijon» futbol klubi muammolari bo‘yicha Andijonda bo‘lib qaytdingiz. Mutasaddi rahbar yoki homiylar bilan uchrashuv qanday yakunlandi?

- To‘g‘ri tushunish kerak, hozirda g‘alati tendensiya ketyaptiki, futbol fanatlari o‘zlari bilmagan narsani prezidentga murojaat yoki boshqa yo‘llar bilan olib chiqib, ba'zi bir klub rahbarlari shu fan-klub orqasiga yashirinayotgandek taassurot uyg‘otyapti. Aslida bu to‘g‘ri emas. Chunki O‘zbekiston prezidentining 2017 yilda Tokio-2020 Olimpiadasiga futbolchi va boshqa sportchilarni tayyorlash bo‘yicha qarori chiqqan. Shuni 6-ilovasida futbol klubiga homiylar biriktirib berilgan. Unga ko‘ra, «GM-Uzbekistan» avtomobil zavodi Andijonga biriktirilgan.

 Lekin bu yerda bir narsaga e'tibor berish kerakki, qarorga ko‘ra homiy «Vodiy-Andijon PFK»ga biriktirilgan. «Vodiy-Andijon PFK» esa viloyat futbol assotsiatsiyasi qoshida tashkil etilgan. Bugungi kundagi Superligadagi «Andijon», aslida «GM-Uzbekistan» avtomobil zavodiga biriktirilgan klub emas. Bu boshqa - «Andijon futbol-sport MChJ». Ya'ni hozirgisi xususiy klub. Ikkita jismoniy shaxs tomonidan ochilgan narsa. Shu bois bularga «GM-Uzbekistan» avtomobil zavodi pul berishga majburiyati yo‘q aslida.

G‘alati narsa shuki, xususiy klub bo‘lganidan keyin davlat tomonidan nega homiy biriktirilishi kerak? Xususiy klub bo‘lganidan keyin o‘zini aravasini o‘zi tortishi lozim. Biz kecha «Andijon» futbol klubidan «Biz bankrotlikka kiryapmiz» degan xat oldik. U yerda «GM-Uzbekistan» avtomobil zavodi buncha berishi kerak edi, hokimiyat buncha berishi, o‘zimiz buncha topishimiz kerak edi», qabilida gap bor. Lekin smeta to‘liq tasdiqlanmagan. «GM-Uzbekistan» shuncha pul berishini gardaniga olmagan. Biz viloyat mutasaddilari bilan uchrashuvda shu narsaga to‘xtaldik. Ularning o‘zlari ham buni to‘g‘ri tushunib turibdi. Chunki har safar pul beradi, muammo esa o‘nglanmaydi. Biz ham tushuntirdik, har safar pul bergan bilan muammo o‘nglanadigan emas. Ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kerak. Misol uchun, Andijonga borib qancha futbolchi «Lasetti», nechtasi «Neksiya» haydab ketdi. Katta-katta pullar ishlashdi. Ular, murabbiylar, futbolchilar ishini bitirdi, lekin Andijon futboli bu bilan o‘nglanganicha yo‘q.

 Oddiy bir misolni keltiraman. Rahmatli Mirabror Zufarovich davrida Andijonni Bo‘ston degan ob-havosi zo‘r joyida 4-5ta stadion qurishga yetarli joy olingan. Bemalol baza qilib shakllantirsa bo‘ladi. Ya'ni Andijon futboliga bo‘ysunadigan hudud. Andijon futboli kelajagini o‘ylaydigan mutasaddilar shu joyni yanada obod qilib, akademiyani rivojlantirishni o‘ylashi kerak. Vodiy futbol klubi esa Sirdaryo viloyatida joylashgan Yangiyerdagi qarorgohda istiqomat qiladi. Andijon qayda-yu, Yangiyer qayerda?! Oxiri viloyat rahbarlari ham shuni tushunib yetyaptiki, mahalliy futbolchilarni yetishtirish, akademiyaga e'tibor qaratish lozim. Faqatgina pul maqsadida kelib, keyinchalik sudga, FIFAga ariza beradigan futbolchilarni boqishdan ma'no yo‘q. Undan ko‘ra, yangi Baxtiyor Hamidullayev singari mahalliy kuchli futbolchilarni yetishtirish uchun sarflasa yaxshi.

 «Andijon» klubini bankrot bo‘lishi yoki Superligadan tushib ketishi katta yo‘qotish emas»

 - Shu bilan birga ish toza bo‘lishi kerak. Xususiy firma yoki MChJ qilib emas. To‘g‘ri biz klublarning xususiylashtirishdan manfaatdormiz, shuni tarafdorimiz, ammo xususiylashtirish degani xo‘jako‘rsinga bo‘lishi kerak emas. Modomiki, xususiy klub bo‘ldimi, o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak. Masalan, men ham xususiy klub bo‘lib olib, davlatdan yoki «GM-Uzbekistan»dan pulni olib ishlashni bilaman. Shuning uchun, «Andijon» futbol klubini bankrot bo‘lishi yoki Superligadan tushib ketishi bu katta yo‘qotish emas. Bu yerda bir qadam orqaga, ikki qadam oldinga degan narsa bor. Yosh futbolchilarni tarbiyalasa yaxshi natija bo‘lishi mumkin. Yana qaytaraman, klubning hozirgi vaziyati shu narsaga olib kelishini bilib turgan edik. Klubning yangi yuridik nomlanishi 2016 yilda ochilgan va shunga qaramay, qarzdorlik ko‘p holatlarda «Andijon» bilan bog‘liq edi. Hali murabbiy, hali futbolchilar, hali qaysidir tashkilotdan klubning qarzdorligi ustidan xatlar bizga kelayotgandi. Bungacha ham qiyin ahvolda bo‘lgan 2015 yilgi «Andijon» FKni bankrot deb yopib yuborishgan, qarzdorliklar esa qolib ketgan. Klub yangi nom bilan faoliyat olib borgan bo‘lsa ham, buning ham yakuni shunday bo‘ldi. Yana shunaqa yangi klub qilinsa, 3-4 yildan keyin o‘sha jamoaning boshiga hozirgi kunlar tushishiga kafolat yo‘q.

 «Jamoa bankrot deb e'lon qilinsa, 3 yil davomida ushbu klub nomidan hech kim ligada ishtirok etishga haqli emas»

 - Voqealar rivoji nima bilan tugashi mumkin? Bu Superligaga qanchalik ta'sir qiladi? «Andijon» bankrot deya, musobaqani tark etishi mumkinmi?

- Mumkin. Bunday voqea Italiyada ham bo‘lgan. «Parma» klubi bankrotlik yoqasiga kelib qolganida. Lekin Italiyadan o‘rnak olsa arziydi. «Parma» klubi mavsumni yakunlab qo‘yishi uchun boshqa jamoalar moliyaviy ko‘mak bergan. Ammo «Parma» bu holatda ishlamagan. U to‘g‘ri ishlagan, shunchaki iqtisodiy inqirozdan chiqib keta olmay qolgan. Bizda ham mavsumni yakunlab qo‘yish mumkin. Bu reglamentda yozilgan. Ya'ni, shu kungacha mavsumdagi o‘yinlarning teng yarmini o‘tkazib ulgurmagan bo‘lsa va jamoa bankrot bo‘lib musobaqadan chiqib ketsa, bungacha turnirda o‘ynagan barcha o‘yinlari bekor qilinib, nolga tenglashtiriladi. Kim «Andijon»ni mag‘lub etgan bo‘lsa, 3 ochkodan mosuvo bo‘ladi. Agar jamoa yarim yoki undan ko‘p o‘yinlarni o‘tkazib, musobaqadan chiqib ketadigan bo‘lsa, jamoaning keyingi o‘yinlariga texnik mag‘lubiyat yozib boriladi. «Andijon» bugungi o‘yinni o‘tkazsa, teng yarmini o‘tkazgan bo‘ladi. Agar uchrashuvni o‘tkazilmasa, yarmiga yetmagan bo‘lardi. Shundan kelib chiqib reglament bo‘yicha ish qilinadi. Mana, bugun 13-o‘yinni o‘tkazishi uchun maydonga tushishi kerak «Andijon». Teng yarmini o‘tkazib keyin musobaqadan chiqib ketsa, keyingi o‘yinlariga texnik mag‘lubiyat yozib boriladi. Qoida shunaqa.

 Reglamentda yana bir band borki, agar biror jamoa bankrot deb e'lon qilinsa, 3 yil davomida ushbu jamoa nomidan hech kim ligada ishtirok etishga haqli emas. Bu jamoa qayta tiklangan taqdirda ham faoliyatini ikkinchi ligadan boshlaydi. Shuning uchun «Andijon» turnirdan chiqib ketadigan bo‘lsa ham musoboqa davom etaveradi. Lekin fikrimcha, «Andijon» futboli nisbatan to‘g‘ri yo‘lga tushadi. Bu holat 1-2 yil ichida hamma klubni boshiga tushishi mumkin. To‘g‘ri yo‘lga tushib olishimiz uchun aslida shunday bo‘lishi kerak deb o‘ylayman.

 Jamoliddin Bobojonov suhbatlashdi.

Top