07:44 / 27.08.2020
4821
AQSh Xitoyning 24 ta davlat kompaniyasini «qora ro‘yxat»ga kiritdi
Foto: Reuters

AQSh Xitoyning Janubiy Xitoy dengizida sun'iy orollar barpo etilishiga aloqador deb hisoblagan 24 ta davlat kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Bu haqda AQSh savdo vazirligida ma'lum qilindi.

Ta'kidlanishicha, “qora ro‘yxat”ga tushgan kompaniyalar Xitoy qurolli kuchlariga Janubiy Xitoy dengizida sun'iy orollarni barpo etish va ularni harbiylashtirishda ko‘maklashishda ayblangan.

Sanksiyalar ro‘yxatiga “Bir makon, bir yo‘l” loyihasining eng yirik ishtirokchilaridan biri bo‘lgan Cjina Communications Construction Co kompaniyasi ham kiritilgan.

Bu bilan parallel ravishda AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo Janubiy Xitoy dengizidagi sun'iy orollar barpo etilishiga aloqador xitoyliklarga nisbatan viza cheklovlari kiritilishini e'lon qilgan. 

Sanksiyalar Xitoy tomonidan Janubiy Xitoy dengizida katta ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilayotgani va dengizga o‘rta masofalarga mo‘ljallangan raketalar uchirilishi ortida kiritilgan.

Xitoy va ASeANga a'zo davlatlar - Filippin, Malayziya, Bruney, Vetnam o‘rtasida Janubiy Xitoy dengizidagi Spratli arxipelagi atrofida hududiy bahs mavjud. 

Bu bahsning asosiy sababi Pekinning Malakka bo‘g‘ozi yaqinidagi hududda o‘z nazoratini o‘rnatishga urinishlari hisoblanadi. Xitoy savdosining 60 foizi shu bo‘g‘oz orqali o‘tadi.

Top