11:37 / 27.08.2020
5275
Janubiy Koreya AQShdan 40 ta F-35 qiruvchi samolyoti sotib olmoqchi

Janubiy Koreya AQShdan 5-avloddagi F-35 qiruvchi samolyotidan yana 40 ta sotib olmoqchi. Xarid qilinadigan samolyotlardan yarmi aviatashuvchi kemalardan vertikal ko‘tariladigan modifikatsiyada bo‘ladi. Shu tariqa Janubiy Koreyada jami F-35’lar soni 80 taga yetadi. 

Foto: Oleg Kiryanov/RG

Ushbu samolyotlardan 20 tasi Janubiy Koreyaning birinchi aviatashuvchi kemasida joylashtiriladi.

2014 yilda Osiyo davlati o‘z harbiy-havo kuchlarini modernizatsiyalash doirasida AQSh bilan 40 ta F-35A sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagandi. Bu bitim Janubiy Koreyada “asr bitimi” deb atalgan, chunki mamlakat qurolli kuchlari tarixidagi eng qimmat shartnoma bo‘lgan. Uning qiymati 6 trln 400 mlrd vonni tashkil qilgan. O‘shandayoq ommaviy hisobdan chiqariladigan eski samolyotlar o‘rnini to‘ldirish uchun 40 ta samolyot kamlik qilishi sababli Janubiy Koreya F-35’dan yana sotib olishi ayon bo‘lgan. Dastlab Seul ushbu samolyotdan 60 ta sotib olmoqchi bo‘lgan, biroq AQSh samolyot narxini tushirishdan bosh tortgan, Janubiy Koreyada esa ko‘proq mablag‘ ajratishga imkon bo‘lmagan. Natijada samolyotlar sonini 40 tagacha tushirishga to‘g‘ri kelgan.

Seulning yana 40 ta F-35 sotib olish rejasi haqida “Chunan Ilbo” nashri ma'lum qilgan. Bu haqda nashrga xabar qilgan harbiy manbaning ta'kidlashicha, shartnoma qiymati 8 trln von yoki 6 mlrd 700 mln dollarga baholanmoqda. Janubiy Koreya Lockheed Martin konsernidan F-35’ning “A” va “V” modifikatsiyasidan sotib olmoqchi. Samolyotning “A” modifikatsiyasi quruqlikdan havoga ko‘tariluvchi standart ko‘rinishi hisoblanadi. “V” modifikatsiyasi esa kemalardan havoga ko‘tarilishga moslashtirilgan. F-35V qisqa yo‘lakdan uchib, vertikal qo‘na oladi. Shu sababli undagi qurolning bir qismini olib tashlashga to‘g‘ri kelgan, narxi esa F-35A’ga nisbatan 30 foiz qimmatroqni tashkil qiladi. 

Top