21:11 / 27.08.2020
3369
Malidagi harbiy isyonchilar hokimiyatdan chetlatilgan prezident Keytani ozodlikka chiqardi

18 avgust kuni Malida isyonchilar mamlakat prezidenti Ibrohim Keyta va bosh vazir Bubu Sisseni hibsga olgandi.

Ibrohim Bubakar Keyta / Foto: Reuters

Harbiy to‘ntarish natijasida hokimiyatdan chetlatilgan Mali prezidenti Ibrohim Bubakar Keyta ozod qilindi. Bu haqda harbiylar vakiliga tayanib Le Figaro gazetasi xabar berdi.

"U bugun ertalab ozod qilindi va uyiga qaytdi", - deb ma'lum qilgan harbiylar vakili Jibrii Maygi. 

18 avgust kuni Mali poytaxti Bamako yaqinidagi Kati harbiy bazasida harbiy isyon boshlandi. Isyonga Katidagi harbiy baza qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik Malik Dyau va general Sadio Kamara boshchilik qildi. Isyonchilar mamlakat prezidenti Keyta va bosh vazir Bubu Sisseni hibsga oldi. Keyta iste'foga chiqqanini e'lon qildi.

2013 yilda Ibrohim Bubakar Keyta Mali prezidenti etib saylangan. U bungacha Mali milliy yig‘ini spikeri (2002-2007), mamlakat bosh vaziri (1994-2000) bo‘lgan. Bosh vazir Bubu Sisse esa hukumatni 2019 yil apreldan boshqarib kelgan.

Top