09:28 / 27.08.2020
22287
Messi vs «Barselona»: muxlislar oyoqqa turdi, «Siti» transferga ishora qildi. So‘nggi tafsilotlar

Lionel Messi «Barselona»dan ketishi haqidagi gaplar tobora jiddiy tus olmoqda. Zamonaviy futbolda hech bir futbolchining bir klubdan ketishi bu qadar muhokama qilinmagan. Ko‘pchilikning fikricha, Messi ­­­­klub tarixidagi eng muhim futbolchi. Klub rahbariyatidagi sharmandali harakatlar sabab Messi chindan «Barselona»dan ketish haqida o‘ylamoqda.

Muxlislar qo‘zg‘aldi

Xuan Laporte ketgach «Barselona» rahbariyati juda ko‘p xato qarorlar bilan yodda qoldi. Xususan, klubni jahonning eng kuchli klubiga aylantirgan Gvardiola ketib qoldi. Endi klub tarixidagi eng muhim inson bo‘lgan Messi ketishni istamoqda. Bu esa muxlislarning toqatini toq qildi. Ular klub qarorgohiga borib, Bartomeuning iste'fosini talab qilishdi. Qaysidir klub rahbari bu qadar yerga urilmagan bo‘lsa kerak. Ammo bugungi kunda trendda bo‘lgan bir rahbarga o‘xshab taxtga «yopishib olgan» Bartomeu hali-beri ketmasligini ochiq aytmoqda.

Biroq bu qadar jiddiy qarshilik samarasiz ketishi qiyin masala. Muxlislar klub qarorgohi oldida to‘planib, bir kishining iste'fosini talab qilsa, bu holat mahalliy hokimiyatga ham yoqmasligi aniq. Katta ehtimol, bilan bu holat Bartomeuning iste'fosi bilan tugaydi. Aks holda yagona yo‘l qoladi – Messi ketadi.

Kuman obro‘sini yo‘qota boshladi

Hali jamoa bilan mashg‘ulot o‘tkazishni boshlamay turib Ronald Kuman muxlislar nafratiga sabab bo‘lib ulgurdi. Uning Messi bilan uchrashuvi tafsiloti aniq bo‘ldi. Messi hozir qanday holatda ekanini inobatga olsak, suhbat tafsilotlari aniq tarqaganiga ishonish mumkin. Chunki Leo bu qadar qo‘rslikdan keyin kimgadir «yorilishi» aniq. Ma'lum bo‘lishicha, Kuman Messiga jamoada hech kim undan ustun bo‘lolmasligini ochiq aytgan. Tasavvur qilyapsizmi, klub tarixidagi eng muhim insonga bir vaqtlar «Barselona» bilan YeChLni yutgan futbolchi va endilikda murabbiy «Sen hech kim emassan», deganday gap qilgan. O‘z ixtiyorida dunyoning eng zo‘r futbolchisi bo‘lishini xohlamaydigan insonni qanday qilib yaxshi murabbiy deb atash mumkin? Kuman shunday davom etsa, muxlislar uni uzoqqa olib borishmaydi. Agar Messi ketib qolsa, Kuman va Bartomeu masalasining birato‘la «janozasi o‘qiladi».

Kuman Suares, Vidal va Rakitichga ham ularni jamoada ko‘rishni istamayotganini aytgan. Oshib borsa, Niderlandiya chempioni bo‘lgan murabbiy bu ishi bilan Kike Setenni ham «avliyoga aylantiradi». Bunday qarorlar qabul qiladigan murabbiy bilan Messini jamoada saqlab qolish esa juda murakkab. Shu bois mavsum boshlanishi oldidan Bartomeu va Kuman ketib qolsa ham ajab emas.

«Manchester Siti» transferga ishora qildi

«Manchester Siti» ilmoqli harakatni amalga oshirdi. «Shaharliklar»ga tegishli «Man City Espors» tvitter akkaunti shu kunlarda aktual bo‘lgan mavzudagi post joyladi. Bu post muxlislar orasida keng muhokama qilingan.

#WelcomeMoonchester deb yozilgan filmlardagi o‘zga sayyoraliklarni eslatuvchi o‘yinchoq taqdimoti haqidagi postda. Matnga Oy va echkining belgisi ham ilova qilingan. Echki internetning inglizcha segmentida «barcha zamonlarning eng yaxshisi» (greatest of all time) ma'nosida ishlatiladi. Chunki goat inglizchada echki degani.

O‘z navbatida, ko‘pchilik barcha davrlarning eng yaxshi futbolchisi deb e'tirof etadigan Lionel Messi haqida postlarda tez-tez echkining ramzi ishlatiladi. Hatto uning echki bilan tushgan surati jurnallar muqovasiga qo‘yilgan. Shuningdek, Messini «o‘zga sayyoralik» deb ham atashadi. Shu bois «Manchester Siti»ning bu posti Messining transferiga ishora bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Chunki bu oddiy hazilga o‘xshamayapti. Yetmaganiga Messi instagramda «Manchester Siti»ni o‘qishni boshlagan.

Messi FIFAdan transfer sertifikatini so‘ragan

Jurnalist Tankredi Palmeriga ko‘ra, Messi FIFAdan xalqaro transfer sertifikatini so‘ragan. 25 avgust kuni Leo «Barselona»ni tark etishi haqida klub rahbariyatini xabardor qilgan. Messining shartnomasida belgilangan tovon puli 700 million yevroga teng.

Futbolchi shartnomani bekor qilish mumkinligi haqidagi banddan foydalanib, «Barselona»ni erkin agent maqomida bepul tark etishni ko‘zlagan. Biroq futbolchi bu imkoniyatdan 30 may kunigacha foydalanishi mumkin edi. Ammo hujumchining huquqshunoslari pandemiya tufayli cho‘zilib ketgan mavsum sababli bu imkoniyat yo‘qotilmagan deb hisoblamoqda.

Klubdagilar nima demoqda?

«Barselona»ning yangi sport direktori Ramon Planes ham Messining ketishi borasidagi mishmishlar haqida gapirdi.

«Messi bizga «Barselona» mashg‘ulotlariga qaytmasligi haqida gapirmadi. U «Barselona» tarixidagi eng zo‘r futbolchi. Biz kelajakdagi jamoani uning atrofida tuzishni istaymiz. Biz uni olib qolishning uddasidan chiqamiz. Bu haqda Kumanga ham aytdim», dedi U.

Ispaniyadagi nashrlarda yozilishicha, Bartomeu Messining jamoadan ketishiga qarshi emas. U faqat futbolchini bepul qo‘yib yuborishni istamayapti. Leoning keyingi yil yozda yakuniga yetadigan shartnomasiga ko‘ra, uni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan jamoa «Barselona»ga 700 million yevroni qurtdek sanab berishi kerak. OAVda «Siti» yoki «PSJ» 33 yoshli Messi uchun 700 million to‘lamasligi haqida xabarlar tarqalmoqda, ammo imkoniyati yetadigan har qanday klub Messini qo‘lga kiritish uchun pulni ayamasa kerak. Chunki u hali yaxshi formada va bir necha yil yuqori darajada futbol o‘ynay oladi. Bundan tashqari, Messini olgan har qanday klub buning orqasida transferga ketgan pulni chiqarib olishi ham tayin.

Messi o‘ziga gard yuqtirmay ketishni istaydi

Ma'lum bo‘lishicha, «Barselona» Kuman boshchiligidagi ilk mashg‘ulotini o‘tkazadi. Bu mashg‘ulotga ko‘p narsa bog‘liq bo‘lishi aytildi. Chunki Messining unda qatnashish-qatnashmasligi chindan ko‘p narsaga oydinlik kiritadi. Xabarlarga ko‘ra, Messi bu mashg‘ulotda qatnashadi. Chunki ketish oldidan klubdagilarga o‘zini jazolash uchun imkon qoldirmoqchi emas va nomiga gard yuqtirmay ketmoqchi.

Top