15:32 / 27.08.2020
2779

Mustaqil audit o‘tkazish amaliyoti joriy etilishi kutilyapti

Qonun loyihasining qabul qilinishi auditorlik faoliyatini tartibga solishda muhim huquqiy asos bo‘ladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020 yil 26 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida yangi tahrirdagi “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Parlament saytida yozilishicha, xalqaro prinsip va ilg‘or tajribalar asosida auditorlik faoliyatini tartibga solishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmini yaratish, auditorlik faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini zamon talablariga mos tarzda soddalashtirish va auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qog‘oz shakldagi litsenziya berishni bekor qilish qonun loyihasining asosiy maqsadi hisoblanadi.

— Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish jarayonida deputatlarimiz tomonidan uni takomillashtirish yuzasidan qator takliflar bildirilgan edi, — deydi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a'zosi Maqsud Qurbonboyev. — Qo‘mitamiz qonun loyihasini maromiga yetkazish jarayonida siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan bildirilgan barcha takliflarni chuqur tahlil qildi va ularning loyihada o‘z aksini topdi. Bundan tashqari, auditorlik tashkilotlarining huquqlari va majburiyatlari batafsil yoritilib, ularning javobgarligi aniqlashtirildi. Xalq vakillarining fikricha qonun loyihasining qabul qilinishi auditorlik faoliyatini tartibga solish, auditning xalqaro standartlari asosida mustaqil audit o‘tkazish amaliyotini tatbiq etish, auditorlik tashkilotlari xizmatlarining sifati va raqobatbardoshligini oshirishda muhim huquqiy asos bo‘ladi.

Muhokamalar jarayonida deputatlar tomonidan qonun loyihasining ayrim moddalari yuzasidan qator savollar berildi. Xususan, ishchi guruhi tomonidan loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida kiritilgan o‘zgartishlar deputatlarning e'tiroziga sabab bo‘ldi. Shu bois, qonun loyihasi xalq vakillari tomonidan ko‘tarilgan masalalarga oydinlik kiritish maqsadida qo‘mitaga qaytarildi.

Top