12:33 / 27.08.2020
4586

O‘zbekiston taraqqiyotning tarixiy va hal etuvchi bosqichidan o‘tib bormoqda - TIV rahbari

O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarning misli ko‘rilmagan keng ko‘lamli dasturi amalga oshirilmoqda. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov «Yangi O‘zbekiston» muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tdi.

Foto: RIA Novosti

Uning bildirishicha, davlat tashqi siyosatining zamonaviy ustuvor yo‘nalishlari haqida gapirganda, O‘zbekistonning yetakchi xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan strategik aloqalarining rivojlanib borayotganiga alohida e'tibor qaratish lozim.

«O‘zbekiston taraqqiyotning tarixiy va hal etuvchi bosqichidan o‘tib bormoqda. Mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarning misli ko‘rilmagan keng ko‘lamli dasturi amalga oshirilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonning 2035 yilga kelib dunyoning 50 ta iqtisodiy rivojlangan mamlakatlari qatoriga kirishiga xizmat qiladi.

Ushbu maqsadga faqat jahon iqtisodiy va moliyaviy tizimiga muvaffaqiyatli va izchil integratsiyalashuv orqali erishish mumkin.

O‘zbekiston uchun dunyoning Rossiya, AQSh va Xitoy kabi yetakchi davlatlari, Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi rivojlangan mamlakatlar, xususan, Koreya Respublikasi va Yaponiya, Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi, arab-musulmon hamda turkiy tilli davlatlar bilan o‘zaro manfaatli, samarali va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Albatta, qayd etilgan ustuvor yo‘nalishlar tartibiga muayyan tuzatishlar kiritish mumkin. Tashqi siyosat nafaqat puxta o‘ylangan, vazmin, balki bir vaqtning o‘zida ildam va qulay bo‘lishi hamda hozirgi tez o‘zgaruvchan, dunyoda yuzaga kelishini oldindan aytib bo‘lmaydigan yangi muammo va tahlikalarga o‘z vaqtida va munosib javob berishi kerak», - dedi Abdulaziz Komilov.

Top