21:46 / 27.08.2020
18339
Rossiyaning eng boy ayollari ma'lum qilindi 

Forbes nashri Rossiyaning eng boy ayollarining yangi reytingini taqdim qildi. Reytingda Inteco Management kompaniyasi prezidenti Yelena Baturina yetakchilik qilmoqda. Baturinaning boyligi bir yil ichida 100 mln dollarga ko‘payib, umumiy hisobda 1,3 mlrd dollarga yetgan.

Tatyana Bakalchuk / Foto: Kommersant

Umuman olganda, reytingga kirgan 25 nafar eng badavlat rossiyalik ayolning umumiy boyligi 10,7 mlrd dollarni tashkil qilgan.   
        
2-o‘rinni Wildberries internet-do‘koni asoschisi Tatyana Bakalchuk egallagan. Uning boyligi ham bir yil ichida 100 mln dollarga ko‘payib, hozirda 1,1 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Bakalchuk 2020 yil fevralida birinchi marta Forbes Real-Time reytingi yetakchisiga aylangandi, biroq aprelga kelib u yetakchilikni Baturinaga boy bergan.

3-o‘rinni “Spartak” futbol klubi egasi Leonid Fedunning qizi Yekaterina Fedun egallamoqda. Uning boyligi 700 mln dollarga baholangan. E'tiborlisi, Yekaterina Fedun reytingdan ilk bor joy oldi. 2019 yil oktyabrda Leonid Fedun o‘z qizi Lyudmila va o‘g‘li Antonga “LUKOYL” kompaniyasining 2 foiz aksiyasini bergan. 2019 yil yakunlariga ko‘ra, ularga bu aksiyalar bo‘yicha 6 mlrd rubl dividend hisoblangan. 

Yetakchi o‘ntalikka, shuningdek, peterburglik milliarder Yuriy Kovalchukning rafiqasi Tatyana Kovalchuk (600 mln dollar), milliarder Dmitriy Ribolovlyovning sobiq rafiqasi Yelena Ribolovlyova (600 mln dollar), bolalar ozuqasi va ma'danli suv ishlab chiqaruvchi kompaniya “Progress” aksiyadori Olga Belyavseva (500 mln dollar), milliarder Arkadiy Rotenbergning qizi Liliya Rotenberg (500 mln dollar), “Novatek” aksiyadori Tatyana Kuznetsova (450 mln dollar), “Fosagro” aksiyadori Yevgeniya Gureva (400 mln dollar) va “Sodrujyestvo” kompaniyalari guruhi egasi Natalya Lutsenko (400 mln dollar) kirgan.

Etiborlisi, reytingning oxirgi 25-o‘rnidan sobiq tennischi Mariya Sharapova 200 mln dollarlik kapital bilan joy olgan. 

Top