08:24 / 27.08.2020
3817

Yevropa ittifoqi komissari karantin rejimini buzgani uchun iste'foga chiqdi

Foto: Yves Logghe / AP

Yevropa ittifoqining savdo bo‘yicha komissari Fil Xogan Irlandiyada  karantin rejimini buzgani bilan bog‘liq siyosiy mojaro sababli iste'foga chiqdi. Bu haqda Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen ma'lum qildi.

“Men uning qarorini hurmat qilaman. Unga savdo bo‘yicha komissar sifatidagi tinimsiz faoliyati hamda avvalgi hay'at tarkibida qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissar lavozimida yuritgan muvaffaqiyatli ishi uchun minnatdorlik bildiraman. Men unga kelgusida eng yaxshi tilaklarni bildirib qolaman”, deb aytgan fon der Lyayyen.    

Xoganning ketishiga sabab bo‘lgan mojaro yaqinda yuz bergan. U Irlandiya g‘arbida joylashgan mehmonxonada golf klub uyushtirgan bazmda ishtirok etgan. Bazmda 80 ga yaqin mehmon qatnashgan. Endilikda sobiq yevrokomissar bu bilan Irlandiya hukumati koronavirusga qarshi kiritgan cheklovlarni qo‘pol ravishda buzgan. 

Bu bazmda ishtirok etgan yana bir amaldor - Irlandiya qishloq xo‘jaligi vaziri Dara Kalliri lavozimini bajarishga kirishgandan 5 hafta o‘tgach iste'fo bergan. Xogan ushbu qoidabuzarlik uchun xalqidan uzr so‘ragan, biroq hech qanday qonunlarni buzmagani aytgan.

“Men hech kimga xavf solmaganman”, deb aytgan Xogan va o‘zini oqlash maqsadida yaqinda koronavirusga topshirgan tahlili unda virus yo‘qligini ko‘rsatganini ma'lum qilgan. 

Xogan Irlandiyaga safari xavotir va tashvish keltirib chiqarganidan afsusda ekanini aytgan. “Men Irlandiyada koronavirusga qarshi kiritilgan cheklovlarga doim amal qilishga harakat qilganman”, deb qo‘shimcha qilgan sobiq yevrokomissar.

U Irlandiyaga safari vaqtida yo‘l qo‘ygan xatolari uchun o‘z xalqidan kechirim so‘ragan hamda jamiyat va jahon iqtisodiyoti pandemiya vaqtida to‘qnash kelgan sinovlarni to‘liq anglashini aytgan.

“Men koronavirusning odamlar va oilalarga vayronkor ta'sirini to‘liq anglayman hamda ular [xalq] davlat xizmatidagi biror kishi tegishli me'yorlarga to‘g‘ri kelmasligi haqida o‘ylaganlarida ularda paydo bo‘ladigan g‘azab va ranjish hissini tushunaman. Biroq ta'kidlab o‘tish muhim, men hech qanday qonunni buzmaganman”, deb ta'kidlab o‘tgan Xogan.   

Shu voqeadan keyin Irlandiya hukumati Xogandan o‘zini nari tuta boshlagan. Irlandiya bosh vaziri Maykl Martin va boshqa siyosatchilar Xogan pandemiyaga qarshi kurash choralarini yaqqol buzganini aytishgan. 

Irlandiya sog‘liqni saqlash vaziri Xoganning o‘zini oqlashini qabul qilmagan. Uning ta'kidlashicha, koronavirusga tahlil har doim ham kasallanish bor-yo‘qligini aniqlay olmaydi. Bundan tashqari, Xogan Irlandiyaga kelgan Belgiya pandemiya borasida xavfsiz davlatlar qatoriga kirmaydi, shu sababli siyosatchi Irlandiyaga kelgach ikki haftalik karantinga amal qilishi kerak edi.

Mavzuga oid
Top