11:57 / 28.08.2020
32763
Deputatlar Xo‘jaobod tuman hokimidan norozi. Hokim ustidan shikoyat yozilishiga nima sabab bo‘lgandi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Xalq deputatlari Xo‘jaobod tuman Kengashining bir guruh deputatlari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va qator davlat idoralariga tuman hokimi Otabek Rasulovning olib borayotgan ishlaridan norozi bo‘lib murojaat yo‘llagani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Biz shikoyat yo‘llagan deputatlar, tuman hokimi va tuman Kengashining boshqa a'zolari bilan suhbatlashib, vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida mazkur tumanga yo‘l oldik.

Xo‘jaobod tumani Andijon viloyatining sanoati havas qiladigan darajada rivojlangan, iqtisodiy ko‘rsatkichlari yuqori, aholining ish bilan ta'minlanishi bo‘yicha yetakchi hudud hisoblanadi.

Kelganimizdan xabar topgan deputatlar tuman hokimligiga to‘plandi. Hokimning faoliyatidan norozi va uning tarafida bo‘lgan deputatlar bilan suhbatlashdik. Tuman hokimi Otabek Rasulov bilan bog‘langanimizda, ayni damda betob ekanligini aytib, o‘rniga birinchi o‘rinbosar Ikromjon Teshaboyev intervyu berishini aytdi.  

“Hokimning bosim o‘tkazishiga, haqoratlariga chidab bo‘lmay qoldi. Respublika ishchi guruhini kutyapmiz”

Prezident va yuqori organlarga murojaat yo‘llagan tuman Kengashi deputatlarining holat bo‘yicha fikrlarini tingladik.

“Biz O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va boshqa yuqori organlarga tuman aholisi va deputatlar nomidan murojaat qilganmiz. Murojaatimiz ortidan hozirda viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganishlar boshlandi. Senatdan aloqaga chiqishdi. Senat a'zolari bilan uchrashuv bo‘lishi kutilmoqda. Chunki biz Xo‘jaobod xalqi nomidan bu tumanda bo‘layotgan adolatsizliklar, tuman korrupsiya o‘chog‘iga aylanib qolganligi, xalqning quyi qismidan chiqib kelayotgan turli muammolar yechimini o‘rganish maqsadida respublikadan ishchi guruh so‘raganmiz. Ishchi guruhining ham kelishi kutilyapti. Biz prezidentimiz siyosatiga ishonamiz. Viloyat mutasaddilariga, kerakli tashkilotlarga ishonamiz. Tuman hokimining odilona, halol ish olib borishini xohlaymiz. 

Saytingiz orqali, “Deputatlar yolg‘onchimi, xalq yolg‘onchimi, hokim yolg‘onchimi? Kim bu yerda o‘yin qilyapti?, degan savollarga javob topishga harakat qilib, vaziyatni ochiq  holda yoritishinglarni so‘rayman. Bizni 6 mingga yaqin fuqaromiz ishonib saylagan. Prezidentimizni, xalqni ishonchini oqlashimiz kerak. Tumanda adolat o‘rnatilishi tarafdorimiz. Boshqa hech narsani talab qilmaymiz. Yuqori idoralardan kelib, deputatlarni jalb qilib, o‘rganish o‘tkazishlarini iltimos qilib qolamiz, - deydi xalq deputatlari Xo‘jaobod tuman kengashiga Navoiy saylov uchastkasidan saylangan deputat Qobiljon Mamadaliyev.  

Xo‘jaobod tumani 14-saylov okrugidan saylangan deputat Elyorbek Abduraimov:

“O‘n kun oldin tumanimizda bo‘layotgan holat, ya'ni tuman hokimini noqonuniy xatti-harakatlari, deputatlarga nisbatan, xalqqa nisbatan, O‘zbekistonda chiqarilayotgan barcha qonun, qarorlarga zid bo‘layotgan xatti-harakatlar yuzasidan norozi bo‘lib, prezidentimizga arznoma yozgan edik. Bu arznomani yozishimizga asosiy sabab shuki, biz O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarga hissa qo‘shamiz deb, nomzodimizni qo‘ydik va xalq tomonidan deputat bo‘lib saylandik. Xo‘jaobod tumani salohiyatga ega, har tomonlama rivojlangan. Fuqarolari g‘ayratli, tadbirkor. Bizning tuman bundan o‘n karra jadal rivojlanishi mumkin. Lekin hokimining turli sohalarga qilayotgan sun'iy to‘siqlari tumanni o‘sishiga katta to‘sqinlik qilyapti. Men o‘zimning saylangan okrugimdagi xalqdan tushayotgan muammolar bo‘yicha tuman hokimligiga, mutasaddilarga deputat so‘rovi bilan bir necha bor murojaat qildim. Lekin, tuman hokimini bu yerda olib borayotgan siyosati oqibatida bironta tuman mutasaddi tashkilotlari meni deputatlik so‘rovimga e'tibor qaratgani, qonuniy javob bergani yo‘q. Buni asosiy sababi hokim hokimiyat binosida o‘tkaziladigan yig‘ilishlarni har birida deputatlarni haqoratlaydi, hurmatini tushiradi. Deputat so‘rovi beraman, so‘ng keyingi majlisda bosimini sezaman.

Meni okrugimda 2019 yil aprel oyida 3 kilometr 200 metr masofadagi yer ichimlik suvi uchun aholi o‘z kuchi bilan shag‘al va asfalt yotqizgan yo‘llarni kavlab tashlashdi. Lekin, ish tugallanmay qolib ketdi. Mahalla raisiga murojaatlarimizdan kelib chiqib, kelishdi-da, “Hali puli o‘tmadi” deyishdi, ko‘mib tashladik. Oradan ikki-uch oy o‘tgandan keyin yana kavladik. Oqibatda kavlangan joylar shunday qoldi. Yo‘l tuproqqa aylantirildi, yozda chang, qishda loyga aylanadi. Hammasini jamlab turib, tuman hokimiga deputatlik so‘rovi yo‘llaganman. Uch varaqdan iborat so‘rovimga biror tashkilot javob xati yo‘llagani yo‘q. Sababi, bizni ya'ni deputatlarni biror tashkilot hurmat qilmaydi. 2020 yili 7 avgust kuni tuman hokimligi yig‘ilishida, hokim, “Deputatlar, senlar o‘zingdan ketishmagin, men senlarni kuningni ko‘rsatib qo‘yaman, ch*chqoqlar!”, deb bir emas uch marta haqorat qildi. Men buni o‘zimga sig‘dira olmadim. “Xalq uchun yugurib, xalqni muammosini ko‘tarib shunaqa bo‘ldikmi?”, deb o‘rnimdan turdim-da, “Otabek Abduqahhorovich, nima deyapsiz, og‘zingizga qarab gapiring” dedim. “Ey sen kimsan, ey “ch*chqoq”, bu yoqqa kel!” deb so‘kishda davom etdi. Milliy gvardiyani chaqirdi. “Qani milliy gvardiya, buni olib chiqib tashla”. Tumanda milliy gvardiya qonunga emas, Otabek Abduqahhorovichga xizmat qilishini o‘sha yerda sezdim. Keyin hokim telefonimni olib qo‘yishga urindi, bunga milliy gvardiyani ham jalb qildi. “Qo‘lini qayirib bo‘lsa ham telefonini ol” dedi. Lekin men bunga yo‘l qo‘ymadim. Tuman hokimi bilan murosa qilib, bu tumanni ravnaqi uchun biz birgalikda, hamjihatlikda ish olib borishga ko‘zimiz yetmagani uchun tegishli idoralariga murojaat qilishga majbur bo‘ldik. 

Deputatlardan Akromjon Mamatov, qariyb 50 yildan beri qishloq xo‘jaligi sohasida ishlab, ko‘p rahbarlarni ko‘rgani, lekin hech qaysi biri bu darajada og‘ziga erk berganini ko‘rmaganini aytdi. Hokimning deputatlarni behurmat qilib, so‘kishlari tumanga ovoza bo‘lganidan xafa bo‘lganiga to‘xtaldi.   

“Hokimga adovatim yo‘q edi. Biroq, oilam bilan nonushta qilib o‘tirsam, ayolim chiqib, “Dadasi, deputatsiz, yig‘ilishga borasiz, nimaga hokim sizlarni yomon so‘zlar bilan haqorat qildi?” dedi. Ichayotgan choyim ham o‘tmay qoldi. Yoshim 60da. Juda xijolat tortdim”, deydi Akramjon Mamatov.

Deputat Bahodir Saidolimov deputatligidan tashqari, O‘zLiDep tuman kengashini apparat rahbari sifatida faoliyat yuritishi, saylov jarayonida o‘zi bergan 12 ta nomzodni tuman hokimi tomonidan olib tashlagani, saylovga o‘ziga qarashli odamlar nomzodini qo‘ygani haqida gapirdi. “Saylov kodeksining 90-moddasini o‘qib ko‘rsangiz, unda deputat bo‘lishga taqiq qo‘yilgan tashkilot rahbarlari bor. O‘sha qoida buzilib, hozir bizda, adashmasam, 6ta rahbar ham deputatlik faoliyatini yurityapti, ham rahbarligini davom ettiryapti. Respublikadan ishchi guruh, komissiya kelib o‘rgansa barchasiga oydinlik kiritiladi”, deydi u.  

Yana bir deputat Nurali Saidov Xo‘jaobod tumanida qonun buzilishlari, yerlar talon-toroj qilinishlari, eng asosiysi deputatlarga nisbatan hurmatsizliklar avj olib ketganiga to‘xtaldi.

Hokimning harakatlaridan norozi bo‘layotgan deputatlar bilan suhbatdan so‘ng, tuman mutasaddilari va boshqa deputatlar fikrlari bilan qiziqdik.  

Hokim deputatlardan uzr so‘radi

Xalq deputatlari Xo‘jaobod tuman Kengashida 25 nafar deputatlar faoliyat yuritadi. Faqat bir tomonning fikrini tinglab, voqeaga xolis baho berish mushkul. Shuning uchun tuman hokimining birinchi o‘rinbosari va biz bilan uchrashgani kelgan boshqa deputatlar bilan ham suhbatlashdik.

“Mazkur holat bo‘yicha ya'ni bir guruh deputatlar, tumandagi faollar tuman hokimi nomidan respublikani bir qator idoralariga murojaat qilishdi. Bu murojaatlarni tegishli tashkilot, tegishli idoralar o‘zlari o‘rganyapti. Murojaatda keltirilgan voqea -  hokimning deputatlarga qo‘pol muomalada bo‘lgani, ularni yig‘ilish zalida bir-ikki marta behurmat qilganlari bo‘yicha hokim deputatlar bilan uchrashdi. Hokim hammani ichida kechirim so‘radi. Qolaversa, kecha dushanba kuni faollar yig‘ilishida yana barchadan uzr so‘rab, qaytib bunaqa behurmat qilish takrorlanmasligini aytdi. Har bittasidan kechirim so‘rab, shu narsani boshqa takrorlamasligi, boshqa holatda bunaqa narsa bo‘lmasligi bo‘yicha, kelgusidagi ishlarni birgalashib, hamma deputatlar bilan hamjihat bo‘lib,  birga ishlashni ta'kidlab o‘tdi. Viloyatimiz hokimi tomonidan ishchi guruhi kelib o‘rganib, hokim va deputatlar bilan ham suhbatlashdi.  Hamma ham xato qilishi mumkin. Xatodan to‘g‘ri xulosa chiqarib, ishlaymiz, degan umiddaman. Endi bunday holat Xo‘jaobodda takrorlanmaydi”, deydi Xo‘jaobod tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Ikromjon Teshaboyev.

“Xo‘jaobod tumanida bir chiroyli ishlar ketyapti. Ravnaq topyapti. Hamma birgalikda chiroyli ishlayotgan edik. Endi haqiqatda bu uyatli holat. Bu g‘alvalarga barcha deputatlar sababchi bo‘lyapti, deb o‘ylayman. Adolat bilan gapirish kerak, hokim boshchiligida tumanda yaxshi ishlar qilinyapti. Meni Faqirqishloq mahalla fuqarolar yig‘ini o‘ramidan xalq saylagan. Hokim aralashmagan. Murojaatda, tumandagi 15ta qurilgan uyni tanish-bilishlariga berildi, deyilyapti. Deputat sifatida, ham maktabgacha ta'lim bo‘limi rahbari sifatida aytaman - shu uylarni ochilishiga guvoh bo‘lganman. Uylar haqiqiy kam ta'minlanganlarga berilgan. Buni joylarga borib, har bitta xonadon egasidan so‘rab, o‘rganib, bilishlaringiz mumkin. Tumanda ko‘p ishlar qilinyapti. Misol uchun mahallada muammo bo‘ldi - Davlatobod mahallasida suv chiqarishda, 3 kilometrda. Tuman hokimiga murojaat qildim, borib joyida bartaraf qildi, hozir suv chiqyapti. So‘qaloq mahallasida suv bo‘yicha muammo bo‘ldi, hokim 5-6 kilometrli joydagi suv muammosini yechib berdi. Ishonmasanglar, mahallani o‘ziga borib fuqarolar bilan suhbatlashinglar.

Buni ustiga biz tumanimiz hokimi boshchiligida hokimning o‘rinbosarlari, deputatlar, tashkilotlar rahbarlari birgalashib, mana shu kambag‘allikni bartaraf etish bo‘yicha, mana Prezidentimizni tashabbuslari bilan, mana echkilar, joylarda yordamlar berilyapti, mana quyon beryapmiz. Har oyda ikki-uchta deputat so‘rovi qilaman. Masalalar tezda hal bo‘ladi”, deydi deputat Dilfuza Boltaboyeva.

Xalq deputatlari Xo‘jaobod tuman kengashi deputati Ibrohimjon Rahmonov:

“Tuman hokimi Otabek Abduqahhorovich saylangandan beri ta'lim sohasida bir qator  amaliy ishlarni qilib kelyapti. Tumanda 38ta ta'lim muassasasi mavjud bo‘lsa, har bitta ta'lim muassasasiga borib, rahbaridan tortib o‘quvchisigacha dardini eshitdi.

 Yettita deputatni yozgani bo‘yicha, fikrimni bildirmoqchi bo‘lsam, deputatlarni yozganlarida balki jon bordir... Lekin aytib qo‘ymoqchiman, bu deputatlik guruhini tashkil qilishga yettita deputatni, meni fikrimcha, haqqi yo‘q edi. Ularni qilayotgan ishlarini men oqlamayman. 21 avgust kuni tumanda o‘tkazilgan Avgust kengashida 38 ta ta'lim muassasasi direktorlari bergan nomzodlarga tuman hokimining shaxsan o‘zi televizoridan tortib kir mashinagacha berdi. Tuman hokimiga, undan tashqari tuman elektr tarmoqlari yo‘nalishlariga 5-6ta  deputatlik so‘rovlari chiqardim. Muammolar tuman hokimligi boshchiligida to‘la yechimini topdi.

Xalq deputatlari Xo‘jaobod tuman kengashi deputati Ulug‘bek Qosimov:

Men birinchi o‘rinda saylovlarni odil, shaffof bo‘lib o‘tganini tasdiqlayman. Ya'ni men o‘zimni saylov okrugimdan 2800ta saylovchi bo‘lsa, 90 foiz saylov jarayonida g‘olib bo‘ldim. Hech qanaqa bu yerda Xo‘jaobod tumani hokimini va boshqa mas'ul rahbarlarni aralashgan joyi yo‘q. Bu yerda saylov shaffof bo‘lishiga sabab har doim saylovni natijasi bo‘yicha bayonnomalar rasmiylashtirilib, devorlarga ilib qo‘yilmas edi.  Toshota mahalla fuqarolar yig‘inidan saylanganman va sidqidildan ishlab kelyapman. Tumanda qilinayotgan, shu qisqa davr mobaynida qilinayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tsam, meni saylov okrugimda, mana 2 kilometr, eng tanqis hududlardan bo‘lgan Abdulla Qahhor-Toshota mahalla fuqarolar yig‘inida ichimlik suvi bilan to‘liq ta'minlandi. Elektr tarmoqlari ta'mirlanib, aholining elektr ta'minotidan bo‘lgan uzilishlariga chek qo‘yildi.

Shuningdek, Imomota turizm sohasi bo‘lishiga juda katta e'tiborini qaratyapti. Hozirda shu yo‘lning o‘ng tomoni , chap tomoni oldin tashlandiq holatda bo‘lib yotardi, hozir mana shu 90 sotix joylar obod bo‘ldi. Kuniga 500 dan ortiq , 600 dan ortiq turistlar, sayyohlar keladi. Hozir judayam ularga qulay sharoitlar yaratildi”.

Xalq deputatlari Xo‘jaobod tuman kengashi deputati Davronbek Hakimov:

Men tadbirkorman. Hokim, tadbirkorlarga, hammaga yordam berayotgani to‘g‘ri. Sizlardan holat bilan tanishib, oydinlik kiritib berishinglarni so‘raymiz. O‘sha kechagi kungi bo‘lgan murojaatda “15 ta uyni ham hokim o‘z yaqinlariga berdi”deyilgan. Bu gap umuman noto‘g‘ri. Har bir uyga kirib, kam ta'minlanganlarga yordam berganman. Tumanda korrupsiya, poraxo‘rlik avj olib ketganini bilmayman.

Xulosa

Murojaat bitgan deputatlar tumandagi muammoli holatni o‘rgangani Respublikadan ishchi guruh kelishini kutmoqda. Ular ishchi guruhga tumanda aniqlangan noqonuniy holatlar bo‘yicha hujjatlarni taqdim etishmoqchi.

Biz, Xo‘jaobod tumanidagi holat bo‘yicha har ikki tomon fikrlarini tinglab, tasvirga olib o‘quvchilar hukmiga havola qildik. Shikoyatda keltirilgan faktlar qay darajada haqiqat ekanligini esa Respublika ishchi guruhi o‘rganishlaridan so‘ng yuzaga chiqadi, degan umiddamiz.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov,
Tasvirchi Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top