23:50 / 28.08.2020
4549
“Ishga chiqing”: Britaniya hukumati odamlarni ishga qaytishga chaqirmoqda

Britaniya hukumati kelasi hafta fuqarolarni ish joylariga qaytishga chaqiruvchi kampaniyani boshlamoqchi. Centre for Cities tahliliy kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, pandemiya sababli masofadan ishlash rejimiga o‘tgan odamlardan 17 foizigina avgust boshida o‘z ish joylariga qaytgan. 

Foto: REUTERS

Iyul oyida Britaniya bosh vaziri Boris Jonson mamlakatga iqtisodiy pasayishni yengishda yordam berish uchun hamyurtlarini o‘z ish joylariga qaytishga chaqirgan. Biroq odamlar o‘z salomatligi uchun xavotirlanib, ish joylariga qaytishga shoshishmayapti. 27 avgustda mamlakatda 1522 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan bo‘lib, bu iyun o‘rtasidan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Endi hukumat gazeta va televideniye orqali ofisda ishlash ruhiy sog‘liqqa va kayfiyatga ijobiy ta'sir qilishi haqida so‘zlamoqchi. Shu bilan birga, vazirlar uyda qolib ishlashni davom ettiradiganlar ish joylaridan bo‘shatilishlari mumkinligiga sha'ma qilib qo‘ymoqchilar. Biroq bunday kampaniyaning yo‘lga qo‘yilishini muxolifat tanqid qilmoqda. Biznes, energetika va sanoat strategiyasi bo‘yicha vazir ishini nazorat qiluvchi “soyadagi vazir” Lyusi Pauell bu kampaniyani “vijdonsizlik” deb atagan. 

“Hukumat pandemiya vaqtida odamlarga bunday tahdid qilayotganiga ishonish qiyin. Odamlarni sog‘lig‘i va ishi o‘rtasida tanlov qilishga majbur qilish – vijdonsizlikdir”, deb aytgan Pauell.

 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top