21:04 / 28.08.2020
23384
Lukashenko qo‘lida avtomat ko‘tarib yurganining sababini tushuntirdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko namoyishlar vaqtida avtomat ko‘tarib yurganining sababini tushuntirdi. Lukashenkoning ta'kidlashicha, u shu yo‘l bilan mamlakatni tashqi xavflardan himoyalashga tayyorligini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan.     

Foto: NBC News

Belarus prezidentining ta'kidlashicha, u avtomat ko‘tarib yurgani aks etgan videoroliklar bilan hamyurtlariga o‘q uzishga tayyorligini aslo ko‘rsatmoqchi bo‘lmagan. Uning ta'kidlashicha, hozirda Belarus uchun tashqi xavf har qachongidan dolzarb sanaladi.   
 
“Bu [Belarus uchun tashqi xavf] normal holatmi? Siz meni ko‘chalarda avtomat bilan yugurib yurganim va go‘yoki o‘z xalqimga o‘q uzmoqchi bo‘lganim uchun tanqid qilmoqdasiz. Bilib qo‘ying, men xalqimga o‘q uzish u yoqda tursin, hattoki chorak asr ichida biror marta unga qo‘limni bigiz qilmaganman”, deb aytgan Lukashenko. 
 
Uning aytishicha, tashqi xavflar ortida mamlakatdagi siyosiy vaziyatni hisobga olib, harbiylarning muayyan zaxirasini ushlab turishga majbur bo‘lmoqda.  
 
O‘tgan hafta Belarus ommaviy axborot vositalari Lukashenko noroziliklar vaqtida 15 yoshli o‘g‘li Nikolay hamrohligida harbiy kiyimda, Kalashnikov avtomati bilan qurollangan holda Minskdagi Mustaqillik saroyiga vertolyotda uchib kelganining bir nechta videosini tarqatgan. Ta'kidlash joiz, Lukashenkoning qo‘lidagi avtomat o‘qlanmagan bo‘lgan, chunki unda o‘qdon bo‘lmagan. 

Shundan keyin muxolifat huquq-tartibot idoralaridan Lukashenkoning balog‘atga yetmagan o‘g‘liga qurol berilishiga munosabat bildirishni talab qilgan. 

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top