19:00 / 28.08.2020
6674

Mahalla instituti: so‘nggi yillarda nimalar o‘zgardi?

Mahalla institutlari faoliyatida qator o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Ayniqsa karantin davrida hukumat va aholi o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solib turishda mahalla institutlarining ahamiyati yanada oshib ketdi. Hukumat tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan moddiy yordamlarni o‘z vaqtida, adolatli taqsimlash, aholiga zarur ko‘rsatmalarni yetkazish va ularning o‘rnatilgan cheklovlarga amal qilishini ta'minlashda ham mahallalar muhim rol o‘ynadi.

Foto: O‘zA

Ularning kutilganidek samara berishiga to‘siq bo‘layotgan muammo va kamchiliklar yo‘q emas, albatta. Shuni ta'kidlagan holda, quyida so‘nggi yillarda mahalla institutlari faoliyatini yanada takomillashtirish borasida nimalar qilinganini sanab o‘tamiz.

Sohaga oid 42 ta qonun hujjati, jumladan, 4 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta farmon va qarori, hukumatning 33 ta qarori qabul qilindi, 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirildi.

Bundan tashqari, mahallalarda qator institutsional o‘zgarishlar ham amalga oshirildi. Bular:

– oila, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha vakolatli davlat boshqaruvi organi – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi;

– «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi;

– aholi murojaatlari va muammolarini aniqlash hamda hal etishda «Mahalla – sektor – xalq qabulxonasi – mahalla» prinsipi asosida hamkorlik tizimi joriy etildi;

– «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etildi;

– mahallalarda huquq-tartibot, oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma'naviy hamda obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik bo‘yicha 3 nafar mahalla raisining o‘rinbosari lavozimi joriy etildi;

– yoshlar hamda keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan mahalla raisining 2 nafar maslahatchisi lavozimlari kiritildi;

– mahallalarda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik nazorati bo‘yicha komissiyalar, «Keksalar maslahati» guruhlari, «Buvijonlar maktabi» kengashlari va «Ota-onalar universiteti» jamoatchilik tuzilmasi tashkil etildi.

Shuningdek, «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyiliga asoslangan yangi tizim doirasida:

– mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan «Harakatlar formulasi» ishlab chiqildi va joriy etildi;

– profilaktika inspektorlarining mahalla aholisiga oyma-oy hisobot berish tizimi yo‘lga qo‘yildi;

– profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari, xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etildi;

– haftaning har payshanba kuni «Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni» etib belgilandi;

– 8 233 ta mahallada Jamoatchilik nazorati maskanlari tashkil etildi;

– mahalla faollari tomonidan ajrim yoqasiga kelib qolgan 21 mingdan ortiq oilalar yarashtirildi;

– mahallalarda jinoyatlar soni kamayishiga erishildi. Jumladan, 2016 yilda jinoyat sodir etilmagan mahallalar soni 9,5 foizni (853 ta) tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda 33,7 foizni (3 074 ta) tashkil qildi. 2020 yilning 5 oyi davomida 69,9 foiz (6 393) mahallalarda jinoyat sodir etilmadi.

Mahallarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha ham qator ishlar qilindi, jumladan:

– 730 ta mahalla idorasi yangidan qurildi, 2 343 tasi rekonstruksiya qilindi va ta'mirlandi;

– 4 178 ta mahalla binolarida kutubxonalar tashkil etildi;

– 102 ta tuman va shahar markazida «Mahalla markazi» majmualari barpo etildi;

– 2 078 ta mahalla mebel jihozlari, 1 249 tasi kompyuter, 2 965 tasi telefon aloqasi bilan ta'minlandi, 1 293 tasi internet tarmog‘iga ulandi;

– fuqarolar yig‘inlariga O‘zbekiston Milliy kutubxonasi resurslaridan onlayn foydalanish imkoniyati yaratildi;

– mahallalarda 1 300 dan ortiq ijodiy to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Tizimda mehnat qilayotgan xodimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar ham belgilangan.

Hususan, mahalla instituti xodimlarining oylik maoshlari 3 baravarga oshirildi, «Mahalla iftixori» ko‘krak nishoni ta'sis etilib, bugungacha 632 nafar faollar mazkur nishon bilan taqdirlandi. 22 mart kuni esa «Mahalla xodimlari kuni» sifatida belgilandi.

Mahallalarga berilayotgan e'tibor, tizimga oid konun va qonunosti hujjatlari ularning mas'uliyatini oshiradi. Haqiqatan ham, hozir aksariyat mahallalarda har qachongidan ko‘ra samarali faoliyat olib borish uchun barcha zarur sharoitlar bor.

Oxirgi vaqtlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda mahallalar faoliyatidan norozi bo‘layotganlar, tizimdagi adolatsizlik va ta'magirliklar haqidagi xabarlar uchrab turibdi. Ayniqsa, karantin davrida ijtimoiy yordam pullarini taqsimlashda mahallalardan norozilik kayfiyati yanada kuchaydi. Bu, o‘z navbatida, vazifasini vijdonan bajarib kelayotgan mahallalarga bo‘lgan ishonchga ham putur yetkazdi.

O‘zini-o‘zi boshqarish organlari bu kabi holatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, xatolarni kamaytirishi, o‘z vakolatlari doirasida aholi manfaati uchun xizmat qilishi, bir so‘z bilan aytganda, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ko‘prikka aylanishi lozim.

Ziyodbek Ismailov

Mavzuga oid
Top