11:13 / 28.08.2020
15389

Samarqandda ShHT sammitiga tayyorgarlik ishlari o‘rganildi, 5ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Viloyatdagi obektlar qurilishida mablag‘dan to‘g‘ri foydalanilishi ustidan moliyaviy nazorat hamda qurilish me'yorlari va qoidalariga rioya etilishi ustidan texnik nazorat to‘g‘ri tashkil etilmagan. 

2022 yilda Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a'zo davlatlar rahbarlarining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda ShHT sammitiga tayyorgarlik bo‘yicha bir qator obektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda. 

Bosh prokuratura tomonidan Samarqand shahrida navbatdagi sammitni o‘tkazishga tayyorgarlik borasida amalga oshirilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari o‘rganildi.

Prezidentning 2018 yil 16 martdagi qarori bilan Samarqand viloyati hokimligi huzurida Obodonlashtirish va  farovonlikni oshirish jamg‘armasi tashkil etilgan. Jamg‘arma hisobidan viloyat hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida hududiy infratuzilmani yaxshilash va obodonlashtirish maqsadida suv ta'minoti va kanalizatsiya, ichki yo‘llar, ijtimoiy obektlar kabi 10 ta yo‘nalishda qurilish va ta'mirlash, moddiy-texnik bazani mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar olib borilmoqda.

Qurilishlar o‘rganilganda jamg‘arma hisobidan davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunchilik talablariga to‘liq rioya etilmayotgani aniqlandi.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 sentyabrdagi 783-qaroriga asosan tuzilgan ro‘yxatdagi avtomobil yo‘llariga oid 4 ta, ichimlik va oqova suv tarmoqlariga oid 8 ta obekt qurilishi noqonuniy ravishda, ya'ni pudratchilarni tender orqali aniqlamasdan, loyiha hujjatlarini tayyorlash bilan birgalikda olib borilmoqda.

Bundan tashqari, viloyatdagi obektlar qurilishida mablag‘dan to‘g‘ri foydalanilishi ustidan moliyaviy nazorat hamda qurilish me'yorlari va qoidalariga rioya etilishi ustidan texnik nazorat to‘g‘ri tashkil etilmagan. Bu esa ajratilayotgan pullarning talon-toroj qilinishi, ishlarning sifatsiz bajarilishiga sabab bo‘lyapti. Hozir aniqlangan holatlar yuzasidan 5 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov o‘tkazilmoqda.

Mahkama xabarida aytilishicha, Samarqand shahar Afrosiyob ko‘chasining 1,9 kilometrlik qismida F.G. MChJ ichimlik va oqova suv tarmoqlarini o‘rnatgan, «S.Y.» UK ko‘chaning ayni shu qismiga asfalt yotqizgan. Biroq 2020 yilning aprel oyiga kelib yo‘lda ko‘plab notekisliklar hosil bo‘lib, yotqizilgan asfalt yaroqsiz ahvolga tushib qolgan.

Suv tarmoqlarini tortish hamda asfalt yotqizishning qonuniyligi o‘rganilganda, pudratchilar tender o‘tkazmasdan tanlangani, qurilish loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan parallel ravishda, ekspertizadan o‘tkazilmasdan turib olib borilgani aniqlandi. Shuningdek, oqova suv tarmog‘ini tortishda qurilish me'yorlari qo‘pol ravishda buzilgan. Jumladan, 85 mln. so‘m pul qo‘shib yozish orqali talon-toroj qilingan. Bundan tashqari, jamg‘arma hisobidan qurilish, ta'mirlash, obodonlashtirish ishlarini bajarishda jami 7,4 mlrd. so‘m pul talon-toroj qilingani va noto‘g‘ri sarflangani aniqlandi.

Qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qat'iy nazorat o‘rnatildi, deyiladi xabarda.

Top