07:52 / 28.08.2020
5188
Toshkentda piyodani urib yuborib, voqea joyidan ketib qolgan haydovchi aniqlandi

Mirobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. 

Joriy yilning 23 avgust kuni soat 21:50da Mirobod tumanidagi Yangi Qo‘yliq ko‘chasida noma'lum shaxs Spark rusumli avtomobilni boshqarish davomida yo‘lni piyodalar yo‘lakchasi orqali kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborib, voqea joyini tark etgan

Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, YTH natijasida 59 yoshli V.F. badan shikastlari bilan tibbiyot muassasasiga yetkazilgach, shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi. 

Tergovoldi tekshiruvlari davomida aniqlanishicha, hodisadan so‘ng haydovchi Sergeli tumaniga yo‘l olgan. 26 avgust kuni avtomobil Sergeli tumanida topildi. 

Ma'lum bo‘lishicha, avtomobil ishonchnoma asosida 24 yoshli E.X.ning tasarrufida bo‘lgan. Ammo YTH sodir bo‘lgan vaqtda mashinani 24 yoshli X.X. boshqargan. Avtomobilda yo‘lovchi sifatida 24 yoshli X.X. va E.X.ning o‘zi ham bo‘lgan.

Mazkur fakt asosida Mirobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda.

Top