16:29 / 29.08.2020
5951
Alisher Shodmonov va Rustam Xolmatov qurilishiga 23,5 mlrd so‘m sarflangan Chinoz markaziy shifoxonasining yangi binosini ochdi

140 o‘rinli mazkur zamonaviy shifoxonada nafaqat Chinoz tumani, balki qo‘shni viloyatlar va tumanlar aholisiga ham sifatli va samarali tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati mavjud.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Mustaqillikning 29 yillik bayrami arafasida Chinoz tumani markaziy shifoxonasining yangidan bunyod etilgan binosi foydalanishga topshirildi. Shifoxonaning ochilish marosimida sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov ishtirok etishdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, ushbu shifoxona bunyod etilishiga 23,5 milliard so‘m sarflandi. Muassasa eng zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, bemorlarga aniq tashxis qo‘yish, samarali davolash uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Bolalar bo‘limi, shoshilinch tez yordam, terapiya va tug‘ruqxona bo‘limlari, umuman olganda, 140 o‘rinli mazkur zamonaviy shifoxonada nafaqat Chinoz tumani, balki qo‘shni viloyatlar va tumanlar aholisiga ham sifatli va samarali tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati mavjud.

Bu yerdagi shifokorlar samarali faoliyat yuritishi, kasallikka chalingan fuqarolarning sifatli tibbiy yordam olishlari, bemorlarni ko‘rishga kelgan yaqinlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bunday qulaylik pandemiya sharoitida aholining tezkor va zarur tibbiyot yordam olishlarida muhim ahamiyat kasb etishi bildirilgan.

Top