00:22 / 29.08.2020
8462

Coca-Cola 4 ming xodimini qisqartirishini ma'lum qildi 

Coca-Cola kompaniyasi 4 ming ish o‘rni qisqarishiga olib keladigan o‘zgarishlar haqida e'lon qildi. Qisqartirishlar birinchi navbatda kompaniyaning AQSh, Kanada va Puerto-Rikodagi korxonalarini qamrab oladi.

Foto: REUTERS

O‘zgarishlar natijasida kompaniya biznesi hozirgidek 17 ta emas, balki 4 ta geografik segment doirasida 9 ta yangi bo‘limga bo‘linadi. Natijada kompaniya operatsiyalarni optimallashtiradi, bir-birini takrorlovchi vazifalarni bartaraf etadi.

Kompaniya, shuningdek, ishlab chiqaradigan mahsulotlari miqdorini optimallashtirib, e'tiborni iste'mol talabi nuqtayi nazaridan eng yaxshi salohiyatga ega 5 ta asosiy toifaga qaratmoqchi. Bular: Coca-Cola ichimligi, turli ta'mli gazlangan ichimliklar, suv, sport ichimliklari, qahva va choy, sharbatlar va sut.     

“Biz o‘zgarish sari ko‘p yillik yo‘lni bosib o‘tdik. Rejalarimizning amalga oshirilishi tashkilotda, jumladan xodimlar tuzilmasidagi o‘zgarishlarga olib keladi”, deb aytgan kompaniya direktorlar kengashi raisi va bosh direktori Jyeyms Kuinsi.

Kompaniya kuchlar va xodimlarini qayta taqsimlashni rejalashtirmoqda. Bu esa o‘z ortidan xodimlarning ixtiyoriy va majburiy bo‘shatilishiga olib keladi. Ixtiyoriy ravishda bo‘shash dasturida kompensatsiya olish imkoni ko‘zda tutilgan. 

O‘zgarishlar dastlab 4 ming xodimni qamrab oladi, keyinroq dastur boshqa davlatlarda ham ishga tushiriladi.

Kompaniyaning xodimlarni qisqartirish bilan bog‘liq xarajatlari 350 mln dollardan 550 mln dollargachani tashkil qiladi. 

Top