19:21 / 29.08.2020
7499
Kun.uz’da e'lon qilingan maqola qahramoniga himoya orderi berildi

22 avgust kuni Kun.uz saytida «Turmush qurganimdan beri erimdan kaltak yeyman. Ajrashmoqchi bo‘ldim, ammo...» – Bir ayol hikoyasi» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingandi. Unda samarqandlik bir ayol taqdiri hikoya qilingandi. Ayolga turmush o‘rtog‘i tomonidan doimiy ravishda jismoniy tazyiqlar o‘tkazilib kelingan. Bunga erining muttasil ichkilikka berilib ketgani sabab bo‘lgan. Oiladagi iqtisodiy qiyinchiliklar ham o‘rtada janjallarni keltirib chiqargan.

Ushbu maqola chop etilgach, Samarqand viloyati IIB masalaga e'tibor qaratib, oiladagi muammoni o‘rganishga kirishdi. Xabar berilishicha, haqiqatan ham Qo‘shrabot tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro R.E. turmush o‘rtog‘i O.E.ga jismoniy, ruhiy tazyiqlar o‘tkazib kelgan va ular mahallada “notinch oila” sifatida ro‘yxatda turishgan.

Ma'lum qilinishicha, Qo‘shrabot tumani IIB boshlig‘ining huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, mayor S. Fozilov, Qo‘shrabot tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining 1-o‘rinbosari S. Mahmudova va xududiy profilaktika inspektori, leytenant B. Norqulov ishtirokida  O.E.ga SV-№0000182 raqamli himoya orderi berildi.

O.E va R.E.larga himoya orderi haqida kerakli tushunchalar berildi. O.E.ga yashash hududidan mahalla mutaxassisi murabbiy etib biriktirildi. R.E. Samarqand viloyati Narkologiya dispanseriga o‘z xohishi bilan davolanish uchun joylashtirildi.

Hozirgi kunda O.E.ga tuman hokimiyati bilan hamkorlikda “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida doimiy daromadga ega bo‘lishga sharoit yaratish maqsadida zamonaviy tikuv mashinasi olib berish chorasi ko‘rilmoqda.

 Muhabbat Ma'mirova.

Top