17:53 / 29.08.2020
5751

Qo‘qon shahar Kengashining sessiyasida maxsus dasturlar orqali yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish masalasi o‘rganildi

Qo‘qon shahar hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashining navbatdagi 10-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda xalq deputatlari shahar kengashi deputatlari, sektor rahbarlari shahar hokimi o‘rinbosarlari, tegishli tashkilotlar rahbarlari va OAV vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston prezidenti boshchiligida 20 avgust kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tuman-shahar hokimlarining aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, budjet daromadlarini oshirish va xorijda mehnat qilgan ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish borasida amalga oshirayotgan ishlari natijadorligini xalq deputatlari Kengashlarida har oyda muhokama etib borishlari belgilangan edi.

Sessiya kun tartibidagi ushbu masalalar yuzasidan Qo‘qon shahar hokimi M.Usmonov shaharning 4 ta sektorida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha axborot berdi.

Sessiya ishida shuningdek, 2-sektor rahbari Qo‘qon shahar prokurori U.Hamdamov, 3-sektor rahbari Qo‘qon shahar IIB boshlig‘i M.Jo‘rayev, 4-sektor rahbari Qo‘qon shahar Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i X.Boratovning axboroti tinglandi.

Sessiya ishida shuningdek, shaharda faoliyat olib borayotgan NNTlarining maxsus dasturlar orqali yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish, aholi salomatligini mustahkamlash singari bir nechta dasturlari deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

Sessiya ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan ma'ruzachilarga murojaat qildi.

Kun tartibida ko‘rilgan masalalar bo‘yicha Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev ishtirok etdi.

Asadjon Xodjayev sessiyada ishtirok etayotgan davlat hokimiyati boshqaruvi organlari raxbarlariga, mahalliy deputatlarga OAV vakillari bilan tizimli, rejalar asosida ishlash, amalga oshirayotgan ishlarini davriy bosma nashrlar, internet tarmoqlari hamda radio, televideniyeda keng yoritib borishda hamkorlik qilishni, davlat idoralarining ochiqligi, oshkoraligi va shaffofligini ta'minlash borasida prezident tomonidan ilgari surilgan “Yangi O‘zbekiston, ochiq O‘zbekiston” tamoyilini amalda ham ko‘rsatib berishlarini tavsiya qildi.

 Fayzullo Sultonov, Kun.uz muxbiri.

Top