08:36 / 29.08.2020
6510

Toshkentda qoidabuzar haydovchi piyodani urib yuborib, voqea joyidan qochib ketdi

YTH yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Joriy yilning 27 avgust kuni soat 23:45larda, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani, Parkent ko‘chasida joylashgan Qurolli Kuchlar akademiyasi qarshisida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, haydovchi, 1993 yilda tug‘ilgan S.J. “Neksiya-3” rusumli avtomobilni boshqarib ketayotib, ushbu ko‘chada xizmat olib borayotgan YPXB Maxsus batalon 2-safarbar guruhi inspektori D.Abdullayevning to‘xtash ishorasiga amal qilmasdan harakatini davom ettirib, KHAY-Parkent ko‘chalari chorrahasida xizmat olib borayotgan YPXB Maxsus batalon inspektori Sh.Tuklibayevning ham to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgan.

Qayd etilishicha, u yuqori tezlikda harakatlanib, Parkent ko‘chasi 69-uy qarshisida tartibga solinmagan piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan piyodani urib yuborgan va YTH joyidan yashirinib, avtomobilni Toshkent viloyati, Qibray tumani, Gulbog‘ MFY, Gulbog‘ ko‘chasiga tashlab ketgan.

Joriy yilning 28 avgust kuni soat 13:00larda, haydovchi S.J. o‘z aybiga iqror bo‘lib, IIBga murojaat qilib, YTH joyiga qaytib kelgan.

YTH natijasida, piyoda (shaxsiga aniqlik kiritilmoqda) yevropa millatiga mansub, yoshi taxminan 65-70 larda bo‘lgan erkak kishi olgan tan jarohatlari oqibatida YTH joyida vafot etgan.

Ma'lum qilinishicha, haydovchi S.J. bir yil mobaynida 4 marotaba ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

Mazkur YTH yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Barcha haydovchilardan tezlik me'yoriga amal qilishlarini, o‘zi va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz”, - deyiladi xabarda. 

Top