09:19 / 29.08.2020
14453
Trampning sobiq menejyeri Stiv Bennon: Oq uydan sud zallariga

AQSh prezidenti Donald Trampning 2016 yilgi saylovoldi kampaniyasining menejyeri, keyinroq Oq uyning bosh strategi bo‘lib ishlagan Stiv Bennon xayr-ehsonlarni o‘zlashtirganlikda ayblanib hibsga olingach, yana kun tartibiga qaytdi.

Stiv Bennon birinchisi emas

Andrew Kelly/Reuters

Ayblovda 25 million dollardan ko‘proq mablag‘ to‘plangan xayriya kampaniyasining yuz minglab dollarlarini Bennon o‘z shaxsiy manfaatlari uchun sarflab yuborgani aytilmoqda. Pekin ma'muriyati tomonidan turli jinoyatlar uchun qidiruvda bo‘lgan xitoylik milliarder Guo Venguining 28 million dollarlik yaxtasida hibsga olingan Bennon o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi va 5 million dollar garov puli evaziga sayohat cheklovi bilan ozod qilindi.

Aslida, Stiv Bennon Trampning atrofidagi federal ayblovlarga duch kelgan ko‘plab odamlardan biri, xolos. Masalan, bir muddat advokat bo‘lib ishlagan Maykl Koen 2018 yilda soliq korrupsiyasi, Kongressga yolg‘on gapirish va saylov kampaniyasini moliyalashtirish qoidalarini buzganlikda ayblangan.

Shuningdek, Trampning saylovoldi tashviqot menejyeri sifatida ishlagan Pol Manafort 2018 yilda soliq va bank jinoyati uchun 7,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Keyinchalik u fitna uyushtirish va adolatga to‘sqinlik qilish jinoyatlarini sodir etganini tan oldi.

Saylov kampaniyasi raisining o‘rinbosari Rik Geyts Ukrainadagi lobbi faoliyati davomida chet el banklarida 75 million dollar saqlanishida Manafortga yordam bergani uchun 45 kunlik qamoq jazosidan so‘ng, 3 yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi.

Trampning do‘sti va siyosiy maslahatchisi Rojyer Stoun hakamlar hay'ati oldida yettita xatti-harakati uchun, jumladan, Kongressga yolg‘on gapirish, guvohlarni qo‘rqitish va Kongress qo‘mitasi muzokaralarini blokirovka qilishda aybdor deb topildi.

Tramp ma'muriyati yuqoridagi sud jarayonlarini, asosan, Donald Trampga zarar yetkazishga qaratilgan siyosiy harakatlar sifatida baholamoqda. Ya'ni ayblanayotganlarning ba'zilari Trampga qarshi guvohlik berishga majbur qilinayotgani, ushbu da'volarni Tramp bilan bog‘lashga urinishlar bo‘layotgani va asl nishon Tramp ekanligi aytilmoqda.

Trampning kampaniya menejyeri va bosh strategi

Bennon - Trampning tergovdagi ilk safdoshi emas. General Maykl Flinn (suratda markazda) FQBga yolg‘on ko‘rsatma berishda ayblanmoqda EPA

Stiv Bennon 1953 yilda tug‘ilgan, 1970-yillarning oxiridan beri yetti yil davomida AQSh harbiy-dengiz kuchlarida xizmat qilgan. Keyinchalik u Goldman Sachs kompaniyasida ikki yil investitsiya bankiri sifatida ishlagan. Keyinchalik u insonlarning yopiq biosferada yashashini sinab ko‘rish uchun boshlangan «Biosfera-2» tadqiqot loyihasiga rahbarlik qiladi. O‘tgan asrning 90-yillarida esa Hollivudda ijrochi prodyuserga aylandi va 2016 yilgacha 18ta film suratga oldi. Choy partiyasi harakatida faol ishtirok etdi. Trampning 2016 yilgi saylovoldi kampaniyasiga raislik qilishidan oldin u 2007 yilda asos solingan o‘ta o‘ngchi Breitbart News veb-saytini boshqargan.

Mana shunday turlicha ish tajribalariga ega bo‘lgan Stiv Bennon Donald Tramp saylov kampaniyasining so‘nggi oylarida ijro etuvchi direktorga aylangach, butun dunyoda taniqli yuzga aylanadi. U Tramp ma'muriyatining birinchi bosqichida yetti oy davomida prezidentning bosh strategi va bosh maslahatchisi sifatida xizmat qilib, yanada ko‘proq e'tibor tortdi. U 2017 yilning yozida ushbu lavozimdan olindi, ammo Tramp so‘nggi paytlarda u haqida ijobiy gaplar aytib kelgan.

Shartakiligi va janjalkashligi bilan tanilgan Bennon ayrim musulmon mamlakatlar aholisining AQShga kirishini taqiqlash kabi Trampning irqchilik va ksenofobiyaga o‘tgan ba'zi siyosatlari ortida turgani aytiladi.

Xalqaro o‘ngchilar homiysi

Tramp tomonidan ishdan bo‘shatilgandan so‘ng Bennon markazi Bryusselda joylashgan «The Movement» deb nomlangan harakatni tuzib, o‘ta o‘ngchi siyosiy partiyalarga so‘rov ma'lumotlarini to‘plash, ijtimoiy media strategiyasini tahlil qilish, nomzodlarni ko‘rsatish kabi qator masalalar bo‘yicha maslahat bera boshlaydi. Guardian gazetasiga bergan intervyusida u o‘zining «Bennon nazariyasi» deb nomlagan nazariyasini quyidagicha izohlaydi: «O‘ng qanot populizmini namoyish eta oladigan nomzodni aniqla va saylovda g‘alaba qozon». U Fransiya o‘ng qanot milliy fronti (NF) kongressidagi nutqida har qanday tanqidga duch kelishga tayyorligini bildiradi: «Mayli, sizni irqchi desinlar, ksenofob desinlar. Shu so‘zlarni ko‘kragingizga sharaf belgisi sifatida taqib oling. Chunki biz kundan kunga kuchayib boryapmiz, ular esa zaiflashmoqda. Tarix biz tomonda va u bizga g‘alaba keltiradi».

Stiv Bennon o‘zining asosiy maqsadi global populistik harakatlarning birgalikda harakat qilishi uchun infratuzilma yaratish ekanligini aytdi. Shu nuqtayi nazardan, u dunyo bo‘ylab o‘ngchi populistik siyosiy tuzilmalarni qo‘llab-quvvatlashga harakat qildi. Bennon Yevropaning o‘ta o‘ng tomonini qayta loyihalashtirish da'vosi bilan Germaniya, Shvetsiya, Avstriya, Italiya, Belgiya, Vengriya va Polsha singari ko‘plab mamlakatlarda ultra-millatchi va Yevropa Ittifoqiga qarshi partiyalarni birlashtirishni ko‘zlaganini e'lon qildi. U Yevropa parlamentida (AP) ushbu partiyalardan iborat «super guruh» tashkil etishni rejalashtiradi. U asos solgan harakat Italiya kabi ba'zi mamlakatlarda muvaffaqiyatli chiqdi, ba'zi mamlakatlarda esa to‘sqinliklarga uchradi.

Breksit me'morlaridan biri

Breksit partiyasi rahbari Nayjyel Farajning yaqin do‘sti va Buyuk Britaniyaning amaldagi bosh vaziri Boris Jonsonning ashaddiy tarafdori bo‘lgan Bennon Britaniyaning 2016 yilda breksit referendumi bilan Yevropa Ittifoqi a'zoligidan chiqishiga katta ta'sir ko‘rsatgan figuralardan biri sifatida ham tanildi. Britaniya siyosatiga katta qiziqish bildirgan Bennon dastlab irqchi Britaniya Milliy partiyasi (BNP) va Buyuk Britaniya mudofaa ligasini (EDL), keyin esa o‘ta o‘ngchi Buyuk Britaniya Facebook foydalanuvchilarining shaxsiy ma'lumotlari noqonuniy ravishda to‘planib, saylovlarda va breksit jarayonida siyosiy maqsadlarda ishlatilgani bilan bog‘liq janjal ortidan kun tartibiga chiqqan Cambridge Analytica asoschilaridan biri edi va u bir muncha vaqt boshqaruvdan ham o‘rin olgan edi.

Sizdirilgan elektron pochta yozishmalari Cambridge Analytica kompaniyasi va breksit faoliyatida markaziy rol o‘ynagan Leave.EU (Yevropa Ittifoqidan chiqib ket) harakati o‘rtasida aloqa mavjudligini ko‘rsatsa-da, bu munosabatlarni tomonlar rad etdi. Biroq Bennon breksitning ramziy nomi Farage bilan chambarchas bog‘liqligini hech qachon yashirmadi. Bu juftlik Britaniyaning YeIdan chiqa olmayotgani tufayli Boris Jonsonning bu ishni bajarish uchun bosh vazirlikka kelishi kerakligini ta'kidlagandi.

Trampning boshiga balo bo‘ladimi?

 

Bennon trampizmdan siyosiy ideologiya yaratmoqchi edi, ammo uning hukumatdagi muddati juda qisqa bo‘ldi / REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp 2020 yil 3 noyabrda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga noqulay sharoitda tayyorgarlik ko‘rmoqda. Butun dunyoni o‘z ta'siri ostiga olgan yangi turdagi koronavirus epidemiyasi Tramp ma'muriyati duch kelgan eng jiddiy sinovga aylandi. Trampning eng ishonchli sohalaridan biri bo‘lgan iqtisodiyot ham jiddiy zarar ko‘rdi. Bu davrda uning eng sevimli mavzularidan biri bo‘lgan ishsizlikning past ko‘rsatkichlari ham ko‘tarilib ketdi. AQSh fuqarolari mamlakat tarixidagi ayrim urushlarga qaraganda ko‘proq vafot etdi. Har qachongidan ham ko‘proq qutblangan jamiyat, keskin va ajralib turadigan siyosiy muhit, azaliy va e'tibordan chetda qolgan tengsizlikning yuzaga qalqib chiqishi, markaziy va hududiy hukumat (shtatlar) o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, dunyodagi umumiy sharoitlarning yomonlashuvi bu salbiy tendensiyani «oziqlantirdi».

Turgan gapki, Tramp Bennon ayblangan xayriya kampaniyasi bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini ochiqladi. Shuningdek, u Meksika chegarasida noqonuniy immigratsiya tranzitining oldini olish uchun qurilgan devorning ayrim qismlarini moliyalashtirish uchun boshlangan «We Build The Wall» («Biz devor quryapmiz») kampaniyasi haqida hech qanday ma'lumotga ega emasligini aytdi.

«U bizning kampaniyamizga kiritilgandi va ma'muriyatimizning ilk qismida qisqa vaqt davomida biz bilan birga ishladi. Ammo keyinchalik u bilan ko‘rishmadim. Nimaga javobgar ekanini ham bilmayman. U bilan birga hibsga olingan boshqa odamlarni esa tanimayman», dedi Bennonga hamdardligini bildirgan Tramp.

Ammo demokratlar ushbu mojorodan saylov jarayonida Trampga qarshi foydalanishlarini aytib o‘tishdi. Shunday qilib, prezidentlik saylovlariga qisqa fursat qolganida Trampning muammolari qatoriga yana bir «boshog‘rig‘i» qo‘shildi.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Top