11:31 / 30.08.2020
5957

BAA Isroilga qarshi 48 yil amal qilgan iqtisodiy boykotni bekor qildi

Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Halifa bin Zoid Ol Nahayon Isroilning iqtisodiy boykoti haqida 1972 yilda qabul qilingan qonun va u bilan bog‘liq sanksiyalarni bekor qildi. 

Foto: Reuters

BAAning WAM axborot agentligining xabar berishicha, ushbu qadam BAAning Isroil bilan diplomatik va tijoriy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan sa'y-harakatlarining bir qismi hisoblanadi.

Boykotning bekor qilinishi BAAdagi xususiy kompaniyalar va tadbikorlarga Isroil kompaniyalari bilan savdo va moliyaviy bitimlar tuzish imkonini beradi. Shuningdek, Isroildan mahsulotlar olib kirish, ayirboshlash, sotib olish va sotishga taqiqlov olinadi.

31 avgustda Isroilning milliy xavfsizlik kengashi rahbari Meir Ben Shabat rahbarligidagi delegatsiyasi Abu-Dabiga birinchi rasmiy safar bilan jo‘naydi. Safar dvomida davlatlarning mudofaa, aviaaloqa, investitsiyalar, madaniyat va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorligi haqidagi kelishuv imzolanadi.   

Ushbu parvoz Tel-Aviv – Abu-Dabi yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiriladigan birinchi reys bo‘ladi.

BAA va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha kelishuv 13 avgust kuni AQSh prezidenti Donald Tramp vositachiligida imzolangan edi. Shundan 3 kun o‘tib BAA rasmiylari Isroil bilan telefon aloqasi va Isroildagi yangiliklar saytlarini taqiqdan chiqargan.

Isroil BAA bilan tuzilgan shartnoma doirasida Iordan daryosining g‘arbiy sohili ustidan o‘z suverenitetini e'lon qilmaydi. Shu bilan birga, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil ushbu yerlarga egalik qilish huquqidan voz kechmasligini aytgan. Kelishuv doirasida musulmonlarning Al-Qudsdagi muqaddas joylarni erkin ziyorat qilishlari ko‘zda tutilgan.

Top