10:19 / 30.08.2020
12785
Maktablarga qariyb 10 ming nafar tibbiyot xodimi safarbar qilindi

O‘zbekistonda maktablarda yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan qariyb 10 ming nafar tibbiyot xodimi ta'lim muassasalariga safarbar qilindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligida o‘tkazilgan maktablarda yangi o‘quv yilini tashkil etishda sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta'minlash chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi barcha jarayonlarda ta'lim mutasaddilariga maktablarda tibbiy xavfsizlikni ta'minlash borasida ko‘mak va tavsiyalarini berib boradi.

«Panedmiya sharoitida yangi o‘quv yilini boshlash jiddiy tayyorgarlikni talab qiladi. Mamlakatimizdagi mavjud 9942ta maktabda faoliyat ko‘rsatadigan 480 ming nafardan oshiq o‘qituvchi va u yerda tahsil oluvchi 6,2 million nafardan ziyod o‘quvchining xavfsizligini ta'minlash Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga ham qator mas'uliyat va vazifalar yuklaydi. Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov shu talabdan kelib chiqib, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, shahar va qishloq oilaviy poliklinikalari, qishloq vrachlik punktlari hududidagi ta'lim muassasalariga qariyb 10 ming nafar tibbiyot xodimi biriktirilgani haqida xabar berdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida. 

Tibbiyot xodimlari maktablarda filtrlarni tashkil etishda ishtirok etadi, ushbu jarayonda tana harorati ko‘tarilgan va bemor deb topilgan o‘quvchilar haqidagi ma'lumotni hududdagi tegishli muassasa rahbarlariga yetkazadi. Shuningdek, karantinga olingan xonadon egalariga bemor yoki ular bilan muloqotda bo‘lgan bolalarni faqat oila shifokorining ruxsati bilan maktabga yuborish kerakligini tushuntiradi, bemor aniqlangan xonadonda sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilish tartibini nazorat qiladi.

Bundan tashqari, ta'lim muassasasiga biriktirilgan tibbiyot xodimlari maktab jamoasi va o‘quvchilar orasida koronavirus profilaktikasi bilan shug‘ullanish, targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish, amalga oshirilgan ishlar va bemor bolalarning holati bo‘yicha mahalliy hokimliklar, xalq ta'limi muassasalari kabi qator tashkilotlarga tegishli ma'lumotlarni taqdim qilish ishlari bilan shug‘ullanishadi.

Avvalroq O‘zbekistonda maktablar 14 sentyabrda ochilishi haqida xabar qilingan edi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top