17:10 / 30.08.2020
16343

“Oyoq-qo‘lim ko‘zga aylangan” – Umid ila yashayotgan qiz hikoyasi

Kichik jussasiga katta qiyinchiliklarni olib yashayotgan xotin-qizlar haqida hayotiy hikoyalarni berishda davom etamiz. Bu safar Samarqandning Payariq tumanida istiqomat qiluvchi  31 yoshli Gulnoza Rahimova bilan suhbatlashdik.  

Foto: Getty Images/iStockphoto

“Bolalikdagi o‘yinqaroqlik butun taqdirimni hal qilib qo‘ydi”

Qish. 6 yoshda edim. Uyimiz orqa tarafida tog‘amning o‘g‘li bilan qorbo‘ron o‘ynayotgandik. Qiqirlashib, hech nimaga e'tibor bermasdik: o‘zimiz bilan ovora edik. Qo‘shnimizning iti yonimizga kelib uzoq hurdi, e'tibor bermadik. U bir ko‘zimning yon tarafini qanday tishlab olganiniyam payqamay qoldim. Hammasi soniyalar ichida ro‘y berdi. Yig‘lab turaverganman. Uydagilar ovozimni eshitishmagan. Tog‘amning o‘g‘li ham yosh bola edi. U mendan battar dovdirab qolgan. Peshonamdan qon oqavergan. Onam oldiga borganman. Ularga it tishlaganini aytganman. Shunda onam jarohatimni spirt bilan artib, doka bilan o‘rab qo‘ygandi, it junini kuydirib, jarohatga bosishganiyam esimda. Ular ham bu jarohat bir kun kelib jiddiy tus olib ketishini bilishmagan. 2-3 kun o‘tgandan keyingina shifoxonaga olib borishgan. Shifokorlar jarohat joyini tozalab, mikroblarini olib tashlashgandi. O‘sha chandiq haligacha yuzimda turibdi

“Yo‘lda ketayotganimda ko‘zim umuman ko‘rmay qoldi”

Bir yildan keyin maktabga chiqdim. Boshim juda qattiq og‘rirdi. Partaga bosh qo‘yib darslarni eshitardim. Uyda ham vazifalarni qoniqarli bajarolmasdim. Yillar o‘tgan sari ko‘rish qobiliyatim yomonlashib boraverdi. 3-sinfligimda ko‘zim ko‘rib-ko‘rmay qolardi. Bir kuni maktabdan qaytayotganimda, birdaniga ko‘zim ko‘rmay qoldi. Nima qilishimni bilmasdim. O‘sha paytdagi holatimni so‘z bilan tushuntirib berolmayman. O‘sha kundan beri dunyoda men uchun faqat bitta rang bor: qora. Qo‘lim ham ishlamay shol bo‘lib qolgandi. Ariqdan o‘taman deb yiqilib tushgandim. Sinfdosh dugonalarim qo‘limdan yetaklab, uyga oborib qo‘yishgandi. 1-2 oylab o‘rnimdan turolmaganman. Oyog‘im ham ishlamay qolgandi. Davolatishga imkoniyatimiz haminqadar edi. Onam pul topishga qiynalgani uchun meni shifokorga tuzukroq ko‘rsatolmagan. “Eskichadan” deb tabiblarga ko‘rsatib yurishgan, xolos.

“Boshimdan bir banka qurt chiqdi”

Ota-onam ajrashishgandi. Ahvolim og‘irlashaverganidan keyin onam dadamni chaqirishga majbur bo‘ldi. Ungacha dadam qimirlolmay yotganimni bilmasdi. Onam qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirgandan keyin dadam kelib, meni olib ketdi. 15 kundan keyin Samarqand shahridagi shifoxonaga olib bordi. U yerda meni operatsiya qilishdi. Kuchuk tishlagan joy o‘rni katta shishga aylanib qolgandi. Uch soatlik jarrohlik amaliyoti davomida shifokorlar boshimdan bir litrli banka to‘ladigan qurtni tozalab chiqarib tashlashgandi. Bu qurtlar miya asab tolalarini shikastlaganligi uchun oyoq-qo‘lim shol bo‘lib ko‘rolmay qolganman. Operatsiyadan keyin hammasi iziga tushib ketdi, lekin ko‘rish qobiliyatim tiklanmadi. Ko‘rish qobiliyatim tiklanishi uchun 18 yoshimgacha har 6 oyda davolanishim kerakligini aytishdi. Dadam 13 yoshimgacha davolatdi. Undan keyin sog‘lig‘im nisbatan yaxshilangani uchun davolanishim to‘xtab qoldi.

“Qaniydi faqat ko‘zim ko‘rmasa”

To‘liq davolanmaganim o‘z ta'sirini o‘tkazdi. 19 yoshimda menda tutqanoq kasalligi alomatlari kuzatila boshlandi. O‘sha paytlari dadamnikida yashardim. O‘gay onam meni uyiga uncha sig‘dirmasdi. Murosaga kelib yashashga harakat qilardim, lekin u buni xohlamasdi. Dadam ham uydagi vaziyatni bilardi-yu, indolmasdi. Dadam bilan 10 yil yashadim. Keyin o‘gay onam sababsiz janjal chiqaraverganidan keyin oxiri onam kelib meni olib ketdi. O‘zim ham uka-singillarim bilan yashashni juda xohlardim. Onam ham boshqa turmush qurgandi. O‘gay otam bu paytga kelib vafot etgandi. Uyda onam, ukam va singlim qolishgandi. Onam oldiga qaytib borgandan keyin hammasi o‘z holiga qaytadi, deb o‘ylardim. Adashibman. Kunlardan bir kuni oyoq-qo‘lim birdan qaltiray boshladi. Qo‘rqib ketdim. Keyin hushimdan ketibman. Ko‘zimni ochganimda, shifokor onamga nimalarnidir gapirayotgan ekan. Shifokor ham qoni kamayib ketgan, degan tashxis qo‘ygan. Keyin yana takrorlangandan keyin  bilishimcha, menda tutqanoq kasalligi alomatlari sezilgan ekan. Shifokorning aytishicha, ko‘p asabiylashganimdan shunday ahvolga kelgan ekanman. Davosi yo‘q deyishdi.  Kerakli muolajalarni olsam, har 10-12 kunda, davolanmasam, har 4-5 kunda shunaqa ahvolga tushaman. Tutqanoq tutishidan bir kun avval boshim qattiq og‘riydi, asabiylashaman, o‘zimni qo‘yarga joy topolmayman. Keyin butun tanam qaltiraydi, hushimdan ketib qolaman.

“Mening ham boshqalar kabi baxtli bo‘lishga haqim bor edi”

Nogironligi bor insonlar uchun mo‘ljallangan maktabda o‘qiy boshladim. U yerda bizga o‘qish, yozish, shuningdek, kasb-hunar o‘rgatishardi. Guruhimizda bir yigit bor edi. Uning ko‘zi ojiz emasdi, lekin juda xira ko‘rardi. Bir-birimizga ko‘ngil qo‘ygandik. Menga turmush qurish taklifini bildirgandi. Lekin rad javobini berganman. Unga tutqanoq xastaligim borligini aytmaganman. Xuddi vaqt o‘tsa hammasi yaxshi bo‘lib ketadigandek, u bilan yaxshi munosabatda bo‘lishda davom etganman. Umid bor edi yuragimda. Oxiri uni ham umidvor qilishni istamadim va biz ajralishdik. Oradan yillar o‘tdi. Uni hozir ham eslayman. Agar vaziyatni tushuntirganimda, balki, hammasi yaxshi bo‘lib ketarmidi, deb o‘ylab qolaman.

“Oyoq-qo‘lim ko‘z vazifasini bajaradi”

Uyda qo‘limdan kelgan yumushlarni o‘zim bajarishga harakat qilaman. Ignadan ip o‘tkazib, mayda tikish-bichish ishlari, shuningdek, kirlarni ham yuvaman. Ertalab hovli supuraman. Uyda qaysi jihoz qayerda turishini bilaman. Tashqaridan qaragan odam ko‘zim ojizligini ba'zan sezmay qoladi. Qo‘lim, oyog‘im – mening ko‘zlarim. Qachondir butunlay darddan forig‘ bo‘lishimni tasavvur qilaman. Agar shunday bo‘lsa, tikuv sexi ochishni niyat qilganman. Turmush qurib, shirin farzandlarning mehribon onasi, suyukli yor bo‘lishni xohlardim.

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top