14:03 / 30.08.2020
5396
Shimoliy Koreya o‘z josuslariga YouTube orqali shifrlagan xabar yo‘llashda gumon qilinmoqda 

Pxenyan o‘z maxsus xizmatlarining xorijdagi xodimlariga birinchi marta YouTube videoxostingi orqali shifrlangan xabar yuborishda gumon qilinmoqda.  

Foto: Izvestiya

Yonhap axborot agentligining xabar berishicha, “0100011001-001” deb nomlangan videorolik 29 avgust ertalab “Pxenyan radiosi” (Pyongyang Broadcast Service) kanalida joylangan. Rolikda ayol suxandon koreys tilida matn o‘qiydi.

“719-ekspeditsiyasi agentlari uchun masofadan ta'lim beruvchi axborot texnologiyalari universiteti tayanch ma'lumotlarini qaytarish bo‘yicha topshiriq”, deb aytadi ayol.

So‘ngra suxandon “564-sahifa – 23-nomer”, 479-sahifa – 19-nomer”, 694-sahifa – 20-nomer” va shunga o‘xshash boshqa iboralarni keltiradi.

Ta'kidlanishicha, Shimoliy Koreya o‘z josuslariga xabar yuborishda birinchi marta bunday usuldan foydalanmoqda.  

Janubiy Koreya OAV ma'lum qilishicha, Pxenyan odatda bunday xabarlarni jo‘natish uchun qisqa to‘lqinlardagi chastotalardan foydalanadi. Shimoliy Koreya hududidan bunday xabarlar oxirgi marta 7 va 13 mart kunlari jo‘natilgan.  

Shu bilan birga Pyongyang Broadcast Service’ning Youtube-kanalidagi ta'rifida shunday mazmundagi, biroq boshqa raqamlar keltirilgan xabar avvaldan mavjud bo‘lgan. U qachon joylashtirilgani noma'lum, biroq bu Pxenyan “shifrlangan” xabarlarni birinchi marta Youtube orqali jo‘natmayotgani haqidagi o‘yga olib keladi.

9 iyunda Shimoliy Koreya Seul bilan barcha aloqa liniyalarini uzishini ma'lum qilgan. Bu Pxenyanning Shimoliy Koreya hududida Janubdan pufaklar yordamida yetkazilgan hukumatga qarshi varaqalarning tarqatilishiga javobi bo‘lgan.

Keyinroq Pxenyan Seulga qarshi harakatlarni amalga oshirish bilan tahdid qilgan va bunga armiya javob berishini ta'kidlab o‘tgan. Janubiy Koreya bunga javoban Pxenyanni Koreyalararo kelishuvga rioya qilishga chaqirgan.

Top