12:51 / 30.08.2020
8582
«Teplovozlardan foydalanish davri o‘tdi» - Vodiydagi temir yo‘llar to‘liq elektrlashtirildi

30 avgust kuni Namangan–Andijon elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasida ilk yo‘lovchi poyezd reysi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Bugun tushga yaqin Namangandan yo‘lga chiqqan dastlabki yo‘lovchilar elektropoyezdda Andijon temir yo‘l vokzaliga yetib keldi. Navbatdagi manzil – Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlari bo‘lib, so‘ng yana Namangan shahriga qaytiladi.

Ma'lum qilinishicha, temir yo‘l xalqasining yangi elektrlashtirilgan qismi uzunligi 100,6 km.ni tashkil etadi, liniyaning umumiy masofasi esa 331,6 km. Mazkur temir yo‘llarni to‘liq elektrlashtirish orqali yuk va yo‘lovchi tashish sifatini oshirish, tezyurar poyezdlar qatnovini shakllantirish hamda dizel yoqilg‘isida harakatlanayotgan teplovozlar o‘rnini zamonaviy elektrovozlarga almashtirish maqsad qilingan.

Teplovozlardan foydalanish davri o‘tdi, deydi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruv raisi Husniddin Hosilov.

«Endi butun vodiy bo‘ylab elektrovozda harakatlanamiz. O‘rtada hech qanday teplovoz bo‘lmaydi. Teplovozlar o‘zidan tutun chiqarar edi, atmosferani buzardi. Qolaversa, iqtisodiy xarajatlari ham ko‘p edi. Mana, endi elektrovozlar qatnay boshladi.

Vodiy relefi tog‘li. Bu yerdan elektrovoz bilan yurish ham qulay, ham ekologik va iqtisodiy jihatdan foydali. Vodiy temir yo‘li to‘liq elektrlashtirildi. Endi elektrovozda Namangandan chiqib, 5 soat-u 20 daqiqada Andijon, Marg‘ilon, Qo‘qonni aylanib, yana Namanganga qaytib kelish mumkin bo‘ladi», – dedi Husniddin Hosilov.

Temir yo‘l xalqasini elektrlashtirish ishlari 3 bosiqichda amalga oshirildi. Birinchi bosqich Pop shahridan boshlanib, Qo‘qon, Marg‘ilon, Asaka hamda Andijon hududlarigacha bo‘lgan yo‘nalishlarda amalga oshirildi. Ushbu uchastkaning uzunligi 186 kilometrni tashkil etib, 2016 yilda foydalanishga topshirilgan.

Ikkinchi bosqich 2019 yilda, uzunligi 45 kilometr bo‘lgan Pop – Chust – To‘raqo‘rg‘on – Rauston – Namangan oralig‘ida bajarilgan. So‘nggi uchinchi bosqich esa Namangan – Andijon uchastkasini to‘liq elektrlashtirish bilan yakunlandi.

Top