12:32 / 30.08.2020
28160
Video: Toshkent yerusti metrosi ilk yo‘lovchilarini qabul qildi

Loyihalashtirish ishlari 2017 yilda boshlangan Toshkent yerusti halqa metrosining birinchi bosqichi ishga tushdi. Bugun, 30 avgust tong soat 6:00dan yerusti metrosining «Do‘stlik-2» bekatidan «Qo‘yliq» bekatigacha bo‘lgan yo‘nalishi ilk yo‘lovchilarni qabul qildi.

«Do‘stlik-2» bekatidan «Qo‘yliq» bekatigacha bo‘lgan yo‘nalish uzunligi 11 kilometr bo‘lib, 7 ta bekat barpo etilgan. Birinchi bekatdan oxirgisigacha 19 daqiqada yetib olish mumkin.

Yo‘nalishda har biri 4ta vagondan iborat 4ta poyezd qatnaydi. Infratuzilma kuniga 46 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Bekatlar milliy kolorit asosida, o‘ziga xos dizaynda qurilgan. Ular yo‘lovchilarga qulaylik yaratuvchi zamonaviy texnologiyalar, yo‘l kira haqini elektron to‘lash imkonini beruvchi turniketlar, eskalator bilan jihozlangan.

Loyiha amalga oshirilishi prezident Shavkat Mirziyoyevning doimiy nazoratida bo‘lganini qayd etish joiz. Davlat rahbari loyihalashtirish va qurilish jarayonlari bilan bir necha bor bevosita tanishib, taklif va tavsiyalarini berib bordi.

Kun.uz muxbiri poytaxt hayotidagi o‘ziga xos voqelikning ilk onlarini tasvirga muhrladi.

Eslatib o‘tamiz, yerusti halqa metrosi 5ta bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 2-bosqichda Qo‘yliq bozori bilan yerosti metrosining «Olmazor» bekati bog‘lanadi. Uchinchi bo‘lib «Beruniy», undan keyin «Bodomzor» bekatigacha bo‘lgan qism quriladi. So‘nggi bosqichda esa halqa metro liniyasi yana «Do‘stlik» bekatiga ulanadi. Bu yo‘llarning jami uzunligi qariyb 55 kilometr, bekatlar soni esa 35 ta bo‘lishi rejalashtirilgan.

Top