08:25 / 31.08.2020
2041
Jizzaxda 152 mln so‘mlik tibbiyot vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda kuzatilgan qonunbuzilish holatlari haqida ma'lumot berdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbirda o‘tkazildi.

Tadbirda, fuqaro R.H. hech qanday hujjatlarga ega bo‘lmagan, umumiy qiymati 152 million so‘mlik virus blokatorlari va boshqa tibbiy vositalarni noqonuniy ravishda sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Surxondaryoda 2500 dona psixotrop tabletkalarning noqonuniy aylanmasi to‘xtatildi

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi «Sariosiyo» chegara bojxona postiga qo‘shni mamlakatga chiqish uchun kirib kelgan fuqaro A.A. boshqaruvidagi «MAN» rusumli yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada avtotransport vositasida olib chiqishga ruxsat beruvchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan hamda bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida ma'lum qilinmagan jami 2500 dona «Fenazepam 1mg» va «Baklosan 25mg» nomli psixotrop tabletkalar borligi aniqlandi.

Ushbu psixotrop tabletkalarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazishga Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 12 noyabrdagi 330-sonli qarori talablari asosida maxsus ruxsatnoma bo‘lgan holdagina ruxsat etiladi.

Toshkent viloyatida 205 gramm giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasi fosh etildi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari Davlat xavfsizlik xodimlari bilan hamkorlikda giyohvandlik va kuchli ta'sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Tezkor tadbir davomida fuqaro X.T. noqonuniy tarzda 7 dona tselofan paket parchalariga o‘ralgan, o‘ziga xos, o‘tkir hidli, qovurilgan nasha giyohvandlik vositasini fuqaro K.A.ga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Shuningdek, fuqaro X.T. bir dona sellofan paket parchasiga o‘ralgan qovurilgan nasha giyohvandlik vositasini tadbir ishtirokchilariga taqdim qildi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro X.T.ning vaqtincha yashash xonadoni ham ko‘zdan kechirilganida, xonadonda «nasha» giyohvandlik moddasining barglari borligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tadbir davomida 195 gramm qovurilgan nasha giyohvanlik vositasi va og‘irligi 10 grammni tashkil etuvchi kannabis o‘simligi barglari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top