17:02 / 31.08.2020
8193

«Kamtarona mehnatimizni yuksak baholaganlarga rahmat». Odil Ahmedov Xitoydagi faoliyati, unvon olgani va Mustaqillik bayrami haqida

O‘zbekiston milliy jamoasi hamda Xitoyning «Shanxay SIPG» klubi yarimhimoyachisi Odil Ahmedov Mustaqillik bayrami arafasida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Quvonchli xabardan keyin milliy jamoamiz sardori Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatlashdi.

- Odil, avvalambor prezidentimiz tomonidan berilgan unvon bilan muborakbod etamiz. Xushxabarni kimdan eshitdingiz?
- Tabrik uchun katta rahmat. Albatta, bundan xabar topib, boshim osmonga yetdi. Hammamiz juda ham xursand bo‘ldik. Kamtarona mehnatimizni yuksak baholaganlardan minnatdorman. Prezidentimiz e'tiboriga tushganimdan juda ham quvondim. Menimcha, bu har bir insonning orzularidan biri deb o‘ylayman. Men bilan birga ishlagan futbolga aloqador barcha insonlarga ham minnatdorchilik bildirib qolaman. O‘zbekiston bilan uch soatlik vaqt tafovuti borligi sababli xushxabarni ertalab uyg‘onib, o‘qidim. Kayfiyatim ko‘tarildi. Bu mukofot olg‘a intilishda davom etishim uchun katta kuch beradi. O‘zbek futboli rivoji uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilib, o‘z hissamni qo‘shaman.

- Xitoyda ham chempionat markazlashgan holda o‘tmoqda. Klubingiz ishtirokiga qanday baho berasiz? Chempionlik imkoniyati qay darajada?
- Hozirgi pandemiya vaziyati sababli Xitoyda ham Superliga o‘yinlari markazlashgan holda o‘tayapti. O‘yinlar uyda yoki safarda emas, boshqa shahardagi neytral maydonda o‘tayotgani bois jamoalar o‘rtasidagi farq katta emas, yaqqol ustunlik ham yo‘q. Mavsumning bir qator o‘yinlarini o‘tkazdik, yarmi qoldi. Oldimizdagi vazifa chempionlik bo‘lsa-da, yana bir nechta klublar ham faqat 1-o‘rinni ko‘zlashmoqda. Bu mavsum kuchli klublar ko‘paygani uchun oson bo‘lmaydi. Shunga qaramay, qo‘limizdan kelgancha harakat qilamiz. Bizda chempionlik ruhi va kuchli tarkib bor. Shunday ekan sovrin uchun oxirigacha kurashamiz.

- Mustaqillik bayramida o‘zbekistonlik futbol muxlislariga qanday tilaklar bildirasiz?
- Mustaqilligimizning 29 yillik bayrami bilan barcha hamyurtlarimizni chin dildan qutlab, Allohdan yurtimizdagi tinchlikni abadiy qilishini, xalqimizni turli balo-ofatlar, kasalliklardan o‘z panohida asrashini so‘rab qolaman. Bayram oldidan berilgan yutuq faqat meniki emas, futbol muxlislariniki, ota-onam, murabbiylarniki. Fursatdan foydalanib, Mustaqillik bayrami bilan vatandoshlarimni chin dildan tabriklab qolaman.

Jamoliddin Bobojonov suhbatlashdi.

Top