16:35 / 31.08.2020
3263
Tojikiston transport vaziri ishdan olindi. Uning o‘rniga bosh vazir o‘rinbosari vazir etib tayinlandi

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 31 avgust kuni bir necha nafar yuqori lavozimli shaxslarni ishdan bo‘shatish va ularning o‘rniga boshqa shaxslarni tayinlash bo‘yicha farmonlarni imzoladi.

Foto: moh.tj

Jumladan, mamlakat transport vaziri Xudoyor Xudoyorzodani lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmon imzolangan. Xudoyorzoda nafaqaga chiqarilgan.

Avvalroq, 62 yoshli Xudoyor Xudoyorzoda o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan, ammo qarindoshlari uni qutqarib qolgan edi.

Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari Azim Ibrohim Xudoyorzodaning o‘rniga Transport vaziri lavozimiga tayinlangan.

1962 yil 1 martda Xatlon viloyati Mir Said Ali Hamadoni tumanida tug‘ilgan Azim Ibrohim oliy ta'limni O‘zbekistonda olgan. U 1984 yilda Toshkent davlat texnika universitetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan.

Aziz Ibrohim 2013 yil 23 noyabrda mamlakat prezidentining farmoni bilan Tojikiston bosh vaziri o‘rinbosari etib tayinlangan va shundan buyon shu lavozimda ishlab kelayotgandi.

Bundan tashqari, Tojikiston prezidenti mamlakatning Xitoy va Saudiya Arabistonidagi elchilarini ham almashtirgan.

Parviz Davlatzoda boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Tojikistonning Xitoydagi va bir vaqtning o‘zida Vetnamdagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimidan ozod etilgan. Uning o‘rnini Saidzoda Zohir Ozod egallagan.

Tojikistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi va bir vaqtning o‘zida Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili Zarobiddin Qosimiy lavozimidan bo‘shatilib, Tojikistonning Misrdagi elchisi etib tayinlangan.

Karim Akram Muhammadrasul esa uning o‘rniga Tojikistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi etib tayinlangan.

Top