23:27 / 01.09.2020
11903
AQSh Belarus tufayli Rossiyaga sanksiya kiritishi mumkin
Foto: AP

27 avgust kuni Vladimir Putin Rossiyada huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan zaxira kuchlari shakllantirilgani, ular zaruriyat bo‘lganida Belarusga yordam berishi mumkinligini aytgandi.

Agar Rossiya Belarus inqiroziga yanada ochiqchasiga aralashadigan bo‘lsa, AQSh unga qarshi yangi sanksiyalar kiritishni ko‘rib chiqadi. Bu haqda Amerika ma'muriyatidagi manbasiga tayanib Reuters xabar berdi

27 avgust kuni Rossiya  prezidenti Vladimir Putin Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning iltimosiga binoan Rossiyada huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan zaxira kuchlari shakllantirilgani, ular zaruriyat bo‘lganida qo‘shni mamlakatga yordam berishi mumkinligini aytgandi.

Keyinroq Lukashenko Putinning so‘zlariga izoh berdi.

«Bu rossiyaliklar Belarusni himoya qilishni xohlagani uchun emas. O‘zimizni o‘zimiz himoya qila olamiz. Ammo agar og‘zimizni ochib o‘tirsak nima bo‘lishini Rossiya prezidenti bilan birgalikda tushunamiz», — dedi u va Belarus harbiy harakatlar teatriga aylanishi mumkinligini, bu mamlakat G‘arb uchun Rossiyaga o‘tadigan «tramplin» ekanligini aytdi.

Respublikada uch haftadan buyon norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda: muxolifat amaldagi hukumat iste'fosini, prezident saylovi qaytadan o‘tkazilishini talab qilmoqda.

Namoyishchilar 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovi natijalarini tan olishmayapti. Saylov natijalariga ko‘ra, prezidentlikka oltinchi marta nomzodini qo‘ygan Lukashenko 80 foiz ovoz bilan g‘olib bo‘lgan.

Top