20:41 / 01.09.2020
5890
«Arsenal» yana bir braziliyalik futbolchini transfer qildi

Braziliyalik himoyachi Gabriel Magalyaes «Lill»dan «Arsenal»ga o‘tdi.

Klub matbuot xizmati boshqa braziliyalik futbolchilari Luiz va Villianning videomuloqotini e'lon qildi, unda yosh braziliyalik futbolchi «Arsenal»ga o‘tganini tasdiqlagan.

Londonliklar klubi ushbu futbolchi bilan shartnoma tafsilotlarini hozircha oshkor qilmadi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, 22 yoshli futbolchi klub bilan 5 yillik shartnoma tuzgan. U yangi klubi safida 6-raqam ostida to‘p suradi.

«Biz Gabrielni «Arsenal»da olqishlaymiz. Uning ko‘plab sifatlari borki, bu bizni yanada kuchaytiradi. «Lill»da u serqirra futbolchi ekanini namoyish etgan. Biz uning «Arsenal»da yanada kuchayishini kutamiz», — degan klub bosh murabbiyi Mikel Arteta.

Avvalroq «kanonirlar» ushbu futbolchi transferi uchun 30 mln yevro to‘lashi haqida xabarlar tarqalgandi.

Gabriel «Lill»ga 2017 yil yanvarida «Avay»dan 3 mln yevroga transfer bo‘lgan. 2019/20 yilgi mavsumda Gabriel Fransiya chempionatida 24 o‘yinda maydonga tushib, bir gol urgan.

Top